Prezidentning 2026-yil 5-fevraldagi PQ–49-son qaroriga muvofiq xalqaro miqyosda tan olingan kasbiy ta’limga oid sertifikatlar va milliy sertifikatlarni olish uchun sarflangan mablag‘larning 50 foiz (BHMning 20 baravarigacha bo‘lgan) qismi qoplab beriladi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-yanvarga qadar Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kasbiy ta’lim sifatini oshirishga yo‘naltirilgan subsidiyalar joriy etiladi.
Xususan, o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga xalqaro miqyosda tan olingan kasbiy ta’limga oid sertifikatlar, shuningdek, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat asosidagi milliy sertifikatlarni olish uchun sarflangan mablag‘larning 50 foizi, biroq BHMning 20 baravarigacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi.
Shuningdek, malakani baholash markazlarini tashkil etgan tadbirkorlarga xarid qilingan baholash vositalari xarajatlarining 30 foizi, ammo BHMning 200 baravaridan oshmagan miqdorda subsidiya ajratilishi belgilandi.
Bundan tashqari, qarorga ko‘ra:
– 2026-yil 1-martdan Ijtimoiy reyestrdagi I guruh nogironligi bo‘lgan va mehnatga layoqatli a’zosi bo‘lmagan oilalar xonadonlarida devor va tomlarni izolyatsiya qilish, energiya tejamkor deraza va eshiklar, shuningdek, quyosh panellari yoki geliokollektorlar o‘rnatiladi;
– og‘ir toifadagi tumanlarda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar yillik 12 foiz stavkada ajratiladi;
– xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi tuman va shahar hokimi tomonidan lavozimga tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi.
