Respublika oliy va kasbiy taʼlim tashkilotlari talabalari va bitiruvchilarini ish bilan taʼminlash jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab “Karyera” elektron platformasini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
Bu bo‘yicha Muhokamalar portaliga “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlar dasturlari hamda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishga qaratilgan Davlat dasturi to‘g‘risida’’gi Farmon loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan.
Loyihaga koʻra, Karyera elektron platformasi oliy va kasbiy taʼlim tashkilotlari talabalari va bitiruvchilarini ish bilan taʼminlash jarayonlarini raqamlashtirishni maqsad qilingan.
“Karyera” platformasi orqali qanday imkoniyatlar yaratiladi?
2026/2027 oʻquv yilidan boshlab respublika oliy va kasbiy taʼlim tashkilotlari talabalari va bitiruvchilarini ularning ish bilan taʼminlashga koʻmaklashuvchi “Karyera” elektron platformasi ishga tushiriladi.
Bunda “Karyera” elektron platformasi orqali:
- talabalar va bitiruvchilar hamda ish beruvchilarni bogʻlovchi onlayn mehnat bozori maydonini tashkil etish;
- sunʼiy intellekt texnologiyalari yordamida:
– talabalar va bitiruvchilarning qobiliyati, oʻzlashtirish darajasi hamda qiziqishlaridan kelib chiqib, ularga maqbul vakant ish oʻrinlari boʻyicha va ish beruvchilarga esa munosib nomzodlarni taklif qilish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;
– talabalar va bitiruvchilarni ish beruvchilar bilan suhbatga onlayn tayyorlash imkoniyatini yaratish;
- talabalar va bitiruvchilarning tegishli ishga joylashishi jarayonlari ustidan monitoringni avtomatik tarzda yuritish tartibini joriy etish.
Loyiha amalga oshirilgan taqdirda olinadigan natijalar:
– 1,6 million nafar talaba va bitiruvchilar uchun munosib kasb tanlash imkoniyati yaratiladi;
– 50 mingdan ziyod ish beruvchilar “Karyera” elektron platformasiga integratsiya qilinib, munosib kadrlarni topish sharoitlari yaratiladi;
– 150 ming nafar texnikum bitiruvchilari uchun munosib ish topishga imkoniyati yaratiladi.
