“Kelajak muhandislari” respublika ko‘rik tanlovini tashkil etish bo‘yicha qaror loyihasi e’lon qilindi

“Kelajak muhandislari” respublika ko‘rik tanlovini tashkil etish bo‘yicha qaror loyihasi e’lon qilindi

Muhokamalar portaliga “Kelajak muhandislari” respublika ko‘rik tanlovini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida’’ gi Nizom loyihasi joylashtirildi. Unga ko‘ra, muhandislik sohasida “Eng yaxshi gʻoya”“Eng yaxshi loyiha” va “Eng yaxshi ixtiro” yoʻnalishlarida “Kelajak muhandislari” respublika koʻrik-tanlovini har yili oʻtkazish, shuningdek, yosh muhandislar uchun yetakchi xorijiy tashkilotlarda qisqa muddatli “Kelajak muhandislari” stajirovkalarini tashkil etish belgilangan.

 

Loyihaga asosan, tanlovda Oʻzbekiston hududida faoliyat olib borayotgan oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va sanoat korxonalarining 40 yoshdan oshmagan professor-oʻqituvchilari, talabalari hamda amaliyotchi muhandislari ishtirok etishi mumkin.

 

Tanlov “Eng yaxshi gʻoya”“Eng yaxshi loyiha” va “Eng yaxshi ixtiro” yoʻnalishlarining har biri boʻyicha:

  • talabalar,
  • professor-oʻqituvchilar,
  • amaliyotchi muhandislar

 

alohida kategoriyalarda oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

 

Avvalroq, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2024/2025 oʻquv yilida muhandislik yoʻnalishlari boʻyicha “Eng yaxshi gʻoya”, “Eng yaxshi loyiha” va “Eng yaxshi ixtiro” respublika koʻrik tanlovi oʻtkazilgan edi. Tanlovga maxsus platforma orqali 1262 ta onlayn ariza qabul qilingan. Saralash bosqichda 1055 ta ariza texnik ekspertizadan o‘tgan va 135 nafar ishtirokchi yakuniy bosqichga yo‘llanma olgani haqida xabar berilgan edi.

 

Tanlov bosqichlari

 

Loyiha doirasida tanlovni 4 bosqichda:

 

  1. Texnik ekspertiza — taqdim etilgan ishlar va gʻoyalarning texnik jihatdan baholanishi;
  2. Saralash — eng istiqbolli loyiha va ishlarni aniqlash;
  3. Akseleratsiya — ishtirokchilarning loyihalarini takomillashtirish va amaliyotga yaqinlashtirish;
  4. Respublika bosqichi — yakuniy taqdimot va baholash.

 

Tashkiliy va baholash masalalari

 

Loyihada Tanlov komissiyasini shakllantirish Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda tegishli vazirlik va idoralar, tarmoq korxonalari hamda xorijiy tashkilotlar vakillaridan shakllantirish rejalashtirilgan.

 

Tanlovning yakuniy natijalari va gʻoliblar roʻyxati Tanlov komissiyasi bayonnomasi bilan rasmiylashtirilib, mazkur bayonnoma asosida Tashkiliy qoʻmita qarori qabul qilinganidan soʻng eʼlon qilinadi.

 

Gʻoliblarni ragʻbatlantirish

 

Loyihaga muvofiq, tanlov gʻoliblarini quyidagicha taqdirlanadi:

 

  • 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan jami 9 nafar gʻolib bazaviy hisoblash miqdorining 1000 baravaridan oshmagan qiymatdagi elektromobil bilan;
  • 2-oʻrin gʻoliblari — bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari;
  • 3-oʻrin gʻoliblari — bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari;
  • “Eng yaxshi ayol muhandis” nominatsiyasi gʻolibasi — bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti.

 

Mazkur tashabbus muhandislik sohasida yangi gʻoyalar va innovatsion yechimlarni aniqlash, yosh mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularni xalqaro tajriba bilan bogʻlashga qaratilgan loyiha hisoblanadi.

 

Shuningdek, “Kelajak muhandislari” stajirovkalari har yili tanlov asosida tashkil etiladi hamda eng zoʻr gʻoya, loyiha va ixtiro muallifi boʻlgan 10 nafar ishtirokchi Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Singapur kabi rivojlangan davlatlarga 40 kundan ortiq boʻlmagan muddatga stajirovkaga yuboriladi.