Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 29-yanvardagi ‘‘Maktabgacha, umumiy oʻrta va qo‘shimcha taʼlim tashkilotlarini moddiy-texnik jihozlash talablari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida’’gi buyrug‘i qabul qilindi.
Nizomga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktyabrdagi 638-son qaroriga asosan inklyuziv taʼlim sinflari va boshlang‘ich tayanch korreksion sinflar ochilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning individual taʼlim dasturlarini o‘zlashtirishi, ularning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni aniqlash hamda ularga turli ko‘rinishda psixologik yordam berish maqsadida maxsus yordam ko‘rsatish xonalari tashkil etiladi.
Maxsus pedagoglar va (yoki) yordamchi xodimlar maxsus yordam ko‘rsatish xonalarida o‘quvchilar bilan korreksion-pedagogik ishlarni olib boradi.
Maxsus yordam ko‘rsatish xonalari ta’lim samaradorligi va bolalarning ehtiyojlariga mos keladigan, mustahkam va o‘tkir burchagi bo‘lmagan jihozlar hamda o‘quv materiallari bilan jihozlanadi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan o‘quvchilar uchun maxsus yordam ko‘rsatish xonalarida quyidagi jihozlar bo‘lishi talab etiladi:
– bolalarning tana tuzilishiga moslashadigan ergonomik stol va stullar;
– vizual va interaktiv o‘quv materiallarni namoyish qilish uchun zamonaviy ekran vositalari (interaktiv doska va proyektor);
– bolalarning sensor ehtiyojlarini qondirish va diqqatini oshirishga yordam beruvchi maxsus sensorli o‘yinchoqlar va taktil materiallar;
– bolalarning ko‘zlarini charchatmaydigan sun’iy yoritish vositalari;
– zamonaviy kompyuter texnikalari va chop etish vositalari;
– eshitishda nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun eshitish uskunalari va ovoz kuchaytirgichlar;
– o‘quv qurollari, ko‘rgazmali qurollar va boshqa materiallarni saqlash uchun maxsus mebellar (javon va shkaflar);
– xonalarni quyosh nuridan muhofaza qilish uchun pardalar;
– havoni tozalash va moʻtadillash agregatlari (konditsioner yoki ventilyatsiya tizimi);
– chiqindi tashlash uchun maxsus idishlar (urnalar);
– o‘qituvchi uchun ish joyi (ish stoli va yumshoq o‘rindiq);
– sinf doskasi;
– sanitariya burchagi uchun gigiyena vositalari;
– bolalar toliqqanda yoki ruhiy holati o‘zgarganda dam olishlari uchun maxsus burchak, yostiqlar, pufiklar va o‘yinchoqlar.
Nizom bilan to‘liq tanishish — Faylni yuklash
