2025-yilda voyaga yetmaganlar 3 mingdan ortiq jinoyat sodir etgan

2025-yilda voyaga yetmaganlar 3 mingdan ortiq jinoyat sodir etgan

Kriminologiya tadqiqot instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonda voyaga yetmaganlar tomonidan jami 3 266 ta jinoyat sodir etilgan. Bu ko‘rsatkich mamlakatdagi umumiy jinoyatlar sonining 2,1 foizini tashkil etadi.

 

Tahlillarga ko‘ra, ushbu jinoyatlarning 78,2 foizi (2 554 tasi) oldini olish mumkin bo‘lgan holatlar hisoblanadi. Shuningdek, 321 tasi aniqlanadigan, 391 tasi esa axborot texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshirilgan.

 

Oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarning deyarli har ikkinchisi o‘g‘rilik bilan bog‘liq. Bundan tashqari, voyaga yetmaganlar tomonidan 84 ta firibgarlik, 193 ta bezorilik, 68 ta og‘ir tan jarohati yetkazish, 68 ta transport vositasini olib qochish, 36 ta nomusga tegish, 17 ta bosqinchilik hamda 15 ta qotillik holati qayd etilgan.

 

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, voyaga yetmaganlar ishtirokidagi jinoyatlarning 65,5 foizi besh hududga to‘g‘ri keladi. Eng yuqori ko‘rsatkichlar Toshkent shahri (634 ta), Farg‘ona viloyati (482 ta), Namangan viloyati (371 ta), Toshkent viloyati (345 ta) va Samarqand viloyati (308 ta) hissasiga to‘g‘ri kelgan.

 

Shu bilan birga, ayrim holatlarda yoshlarning radikal g‘oyalar ta’siriga tushib qolayotgani ham qayd etilmoqda. Jumladan, avvalroq Andijon viloyatida xalqaro terrorchi guruh ta’sirida Suriyaga chiqib ketmoqchi bo‘lgan 2006–2009-yillarda tug‘ilgan o‘smirlar aniqlangandi. Ular virtual makon orqali ekstremistik mazmundagi da’vat va chaqiriqlarni muhokama qilib kelgani ma’lum bo‘lgan.

 

Mutasaddi tashkilotlar yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va radikal g‘oyalarning oldini olishda profilaktika ishlarini kuchaytirish zarurligini ta’kidlamoqda.