Sirkka pul bermagan oʻquvchilarni darsdan chiqarib yuborish to‘g‘rimi?

Sirkka pul bermagan oʻquvchilarni darsdan chiqarib yuborish to‘g‘rimi?

Savol: Assalomu alaykum. Dars paytida o‘quvchilarni darsdan chiqarib yuborgan o‘qituvchiga qanday chora bor? Sirkka majburiy pul yig‘ish qonuniymi? Pul bermagan o‘quvchi darsdan chiqarib yuborilishi to‘g‘rimi?

 

Javob: Oʻquvchilardan pul yigʻish majburiy emas. Shuningdek, oʻquvchini sinfdan chiqarib yuborish ham mumkin emas.

 

Bunday holatda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 2023-yil 31-avgustdagi 282-son buyrugʻiga 1-ilovada tasdiqlangan Umumiy oʻrta taʼlim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari buzilgan hisoblanadi.

 

Shunga koʻra, bu xodimga intizomiy taʼsir chorasini qoʻllash mumkin. Intizomiy taʼsir chorasi xodim haqiqatda oʻz mehnat majburiyatlarini bajarmaganda qoʻllaniladi.

 

Mehnat kodeksining 313-moddasi uchinchi qismida intizomiy jazo chorasini qoʻllashda sodir etilgan qilmishning ogʻir-yengilligi, uning sodir etilishi holatlari, xodimning avvalgi ishi va xulq-atvori hisobga olinishi belgilangan.

 

Bunda Mehnat kodeksining 312-moddasiga muvofiq mehnat intizomini buzganligi uchun ish beruvchi xodimga quyidagi intizomiy jazo choralarini qoʻllashga haqli:

 

1) hayfsan;
2) oʻrtacha oylik ish haqining oʻttiz foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda jarima. Ichki mehnat tartibi qoidalarida xodimga oʻrtacha oylik ish haqining ellik foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda jarima solinishi hollari nazarda tutilishi mumkin.
3) mehnat shartnomasini bekor qilish.

 

Ushbu qoidaning mazmuniga koʻra, xodim mehnat intizomini buzganda unga yuqoridagi taʼsir choralaridan biri qoʻllaniladi.