Ijtimoiy tarmoqlarda pedagoglar aholini ro‘yxatga olish ishlariga jalb qilinayotganligi, jumladan, sinf rahbarlariga har bir o‘quvchining ota-onalarini ro‘yxatdan o‘tkazib, sertifikat olib berishi to‘g‘risida topshiriqlar berilganligi haqida xabarlar tarqalmoqda.
Davlat mehnat inspeksiyasi shu va shu kabi holatlar yuzasidan rasmiy izoh berdi. Unga ko’ra, pedagog xodimlarni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, jumladan, hududlarni obodonlashtirishga, qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilish qat’iyan taqiqlangan hamda qonunbuzilish uchun javobgarlik belgilangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2026-yilning 15-yanvaridan 28-fevraligacha aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu ro‘yxatga olish ishlari “mahalla yettiligi” tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.
Pedagogning maqomi to‘g‘risidagi qonunning 5-moddasida pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish taqiqlanishi belgilab qo’yilgan.
Lekin ushbu moddaning 10-xatboshiga ko‘ra, pedagogni uning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan, lekin siyosiy va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tadbirlarga, ya’ni aholini ro‘yxatga olish ishlarida ko‘maklashishga jalb qilish uning roziligiga ko‘ra, u bilan tuzilgan shartnomaga asosan, qo‘shimcha haq to‘lash evaziga, ishdan bo‘sh vaqtida yoki ish joyi bo‘yicha o‘rtacha ish haqi saqlangan holda amalga oshirilishi mumkin.
Muhim eslatma! Pedagoglar aholini ro‘yxatga olish ishlariga jalb qilingan taqdirda birinchi navbatda pedagogning o‘zi bunga rozilik bildirish, shuningdek, u bilan alohida shartnoma tuzilib, qo‘shimcha haq to‘lanishi shart.
