Milliy sertifikat imtihonlarida savollar takrorlanishi yuzasidan agentlik munosabat bildirdi

Milliy sertifikat imtihonlarida savollar takrorlanishi yuzasidan agentlik munosabat bildirdi

Umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy sertifikat imtihonlarida ayrim test savollarining takror qo‘llanilishi yuzasidan Bilim va malakalarni baholash agentligi rasmiy izoh berdi.

 

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, milliy sertifikat imtihonlari natijalari xalqaro metodika — Rash modeli asosida hisoblanadi. Ushbu model turli test variantlari va turli vaqtlarda o‘tkazilgan imtihonlar natijalarini o‘zaro taqqoslash imkonini beradi. Bunda ankor (langar) savollar muhim ahamiyatga ega.

 

Qayd etilishicha, ankor savollar bir nechta test variantlarida o‘zgartirilmasdan takror beriladi. Ular orqali har bir test variantining qiyinlik darajasi aniqlanadi hamda variantlar o‘rtasidagi farqlar nazorat qilinadi. Bu esa test variantlari qiyinligining ishtirokchilar natijalariga ta’sir ko‘rsatmasligini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Agentlik ta’kidlashicha, avvalgi imtihonlarda qo‘llangan ayrim savollarning takrorlanishi imtihon natijalarini xolis, adolatli va ishonchli baholashni ta’minlaydigan muhim metodik vosita hisoblanadi. Ushbu yondashuv barcha ishtirokchilar uchun teng sharoit yaratishga qaratilgan.