‘‘WorldSkills Asia Taipei 2025’’ doirasida o‘tkazilgan nufuzli xalqaro musobaqada Sirdaryo viloyati Shirin energetika texnikumi o‘quvchisi Iqbolmirzo Abdusamadov elektr montaj yo‘nalishida O‘zbekiston nomidan ishtirok etib, Best of Nation — “Millat faxri” mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Ta’kidlanishicha, bu yutuq unga ‘‘WorldSkills Shanghai 2026’’ olimpiadasida qatnashish imkonini bergan.
‘‘Yoshligimdan ustachilik va elektr sohasiga qiziqishim kuchli bo‘lgan. Sohani yaxshi o‘rganish uchun texnikumga o‘qishga kirdim. O‘qish davomida bu ‘‘WorldSkills Asia Taipei 2025’’ tanlovida qatnashdim. Musobaqa 3 bosqichda bo‘ldi: umumiy 7 soatdan 2 kun, 3-kun 4 soat davom etdi. Bir nechta davlatdan bu musobaqa uchun 5-6 yillab tayyorlangan kuchli ishtirokchilar bor edi. Bu birinchisi bo‘lgani uchun kuchli hayajon va katta tajriba bo‘ldi. O‘zbekiston qatnashchilaridan eng baland ball olgan o‘quvchi va sanoqli mukofotlardan biriga erishdim.
Hozirda 2026-yil Shanxayda bo‘lib o‘tadigan ‘‘WorldSkills Shanghai 2026’’ chempionati uchun tayyorgarlikni boshlaganmiz’’.
Ma’lumot uchun, agar Shanxaydagi musobaqada g‘olib bo‘lsa, Iqbolmirzo Abdusamadov O‘zbekiston Prezidentining qaroriga asosan 1 milliard 30 million so‘m mukofot puli bilan taqdirlanishi kutilmoqda.
