Turkiya burslari — barcha bosqich talabalari uchun Turkiyada xarajatlari to‘liq qoplanadigan dastur

Turkiya burslari — barcha bosqich talabalari uchun Turkiyada xarajatlari to‘liq qoplanadigan dastur

2026-2027-oʻquv yili uchun Turkiya Burslari grant dasturi barcha bosqichda: bakalavr, magistratura, doktoranturada toʻliq moliyalashtirilgan holda oʻqish imkoniyatini beradi.

 

Ushbu grant dasturiga barcha davlat fuqarolari ariza yuborishlari mumkin, turk tilini avvaldan bilish talab etilmaydi. Agar nomzod turk tilini bilmasa, bir yil qoʻshimcha til kursida oʻqishi va C1 daraja olishi kerak, kurs puli ham dastur tomonidan qoplanadi. Agar nomzod turk tilini mukammal akademik darajada bilsa, til kursida qoʻshimcha 1-yil oʻqishi talab etilmaydi.

 

Dasturga topshirishdan avval nomzodlar oʻzlariga mos yoʻnalish va universitetni bu yerdan tanlab olishlari kerak. Shundan keyin dasturga ariza topshirish mumkin va arizani toʻldirish davomida tanlangan yoʻnalish va universitet qayd etib oʻtiladi.

 

Grant dasturi, faqat xalqaro talabalarni qabul qilganligi sababli, turli davlatlardan kelgan xalqaro talablar bilan oʻqish imkoniyati mavjud boʻladi.

 

Maqbullik shartlari

 

Hozirda va oldin ham Turkiya fuqarosi boʻlmagan barcha xalqaro talabalar, tadqiqotchilar ariza topshirishlari mumkin;

 

Bakalavr bosqichi uchun 21 yoshdan kichik va akademik koʻrsatkichlari eng kamida 70% boʻlishi kerak;

 

Magistratura bosqichi uchun 30 yoshdan kichik, doktorantura bosqichi uchun esa 35 yoshdan kichik nomzodlar qabul qilinadi, ushbu bosqichlar uchun akademik koʻrsatkichlari 75% dan yuqori boʻlishi kerak;

 

Nomzodlarning salomatlik darajasi ham aʼlo boʻlishi lozim.

 

Dasturning maqbullik shartlari bilan bu yerda batafsil tanishish mumkin.

 

Foydali tomonlari

 

Turkiya Burslari grant dasturi oʻqish pulini, turarjoy, borib-kelish aviachipta va tibbiy sugʻurta xarajatlarini qoplaydi;

 

Shuningdek, har oy stipendiya beriladi: bakalavr talabalari uchun — 4,500 TL ($100), magistratura uchun — 6,500 TL ($150), doktorantura uchun — 9,000 TL ($210);

 

Grantni yutgan, ammo turk tilini bilmaydigan talabalar uchun 1-yillik til kursi oʻtiladi va kurs puli ham dastur tomonidan toʻlab beriladi;

 

Grantga ariza topshirish mutlaqo bepul.

 

Dasturning afzallik tomonlari bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.

Hujjat topshirish

 

Dastlab, nomzodlar ushbu link orqali roʻyxatdan oʻtib, oʻzlari haqlarida maʼlumot toʻldirishlari soʻraladi;

 

Maʼlumotlarni toʻldirgach, tanlagan yoʻnalishlari va oʻqish turiga qarab quyidagi hujjatlarni yuklashlari kerak:

 

– Shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport, ID);

– Fotosurat (oxirgi 1-yil ichida olingan boʻlishi kerak);

– Barcha akademik transkriptlar;

– Diplom yoki bitirganligi haqida sertifikat;

– Til testi va xalqaro imtihon natijasi (agar soʻralgan boʻlsa);

– IELTS yoki shunga oʻxshash xalqaro imtihonlarda; GRE, GMAT, SAT olgan ballari va sertifikatlari (agar tanlagan universiteti va yoʻnalishida talab etilgan boʻlsa).

 

Natijalarni eʼlon qilib borish quyidagi tartibda boʻladi:

 

– Hujjat topshirish 20-fevralga qadar davom etadi;

-Dastlabki saralash bosqichi natijalari Fevral oyi oxiridan May oyigacha eʼlon qilinadi;

– Saralash bosqichidan oʻtganlarni Mart oyidan Iyun oyigacha intervyuga taklif qilinadi;

– Natijalar Iyul oyida eʼlon qilinadi;

– Iyul avgust oylarida ketish uchun zarur hujjatlar tayyorlanadi;

– Oʻquv yili 2026-yil sentyabr oyida boshlanadi.

 

Qanday talablarga koʻra baholanishi haqida bu yerda.

 

Hujjat topshirish jarayoni ketma-ketligi bu yerda aks etgan.

 

Qoʻshimcha maʼlumotlar

 

Qoʻshimcha savollar yuzasidan quyidagi manzillarga murojaat qilish mumkin:

 

– Turkiya stipendiyalari aloqa markazi: 0 850 455 0 982;

– Elektron pochta: info@turkiyeburslari.gov.tr;

– Manzil: Oğuzlar Mah. Mavlono Bulvari No: 145 P.K: 06520 Balgat, ANKARA/TURKİYe

 

Muhim sanalar bu yerda.