Afg‘onistonda o‘zbek tili cheklangani haqidagi xabarlarga munosabat bildirildi

Afg‘onistonda o‘zbek tili cheklangani haqidagi xabarlarga munosabat bildirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan oʻzbek tilining Afgʻonistonda qoʻllanilishiga cheklovlar joriy etilayotgani haqidagi xabarlar haqiqatga toʻgʻri kelmaydi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar qildi.

 

Unga koʻra, shu mazmundagi xabarlar tarqalgach, Tashqi ishlar vazirligining masʼul vakillari tezkor ravishda Afgʻoniston Tashqi ishlar vazirligi bilan bogʻlangan.

 

«Soʻnggi kunlarda ayrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda oʻzbek tilining Afgʻonistonda qoʻllanilishiga goʻyoki cheklovlar joriy etilayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Mazkur maʼlumotlar jamoatchilikda tabiiy ravishda muayyan xavotir uygʻotdi.

 

Afgʻonistonlik rasmiylar ushbu xabarlar haqiqatga toʻgʻri kelmasligini, mamlakat hududida oʻzbek tilining ishlatilishiga nisbatan hech qanday cheklov yoʻqligini qatʼiy taʼkidlab, Afgʻoniston hukumati va xalqi birodar oʻzbek xalqi hamda tiliga chuqur hurmat bilan munosabatda ekanini alohida qayd etdi.

 

Afgʻoniston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili maʼlum qilishicha, hozirgi vaqtda mamlakat boʻylab oliy taʼlim muassasalari va umumtaʼlim maktablari peshtoqlaridagi yozuvlarni yagona standart asosida tartibga solish ishlari olib borilmoqda. Mazkur amaliyotga koʻra, taʼlim muassasalari peshtoqlaridagi yozuvlar butun mamlakat boʻylab uch tilda — pushtu, dariy va ingliz tillarida aks ettiriladi. Shu bilan birga, mamlakatning shimoliy hududlari, jumladan Samangan universiteti uchun istisno tariqasida yozuvlar pushtu, dariy va oʻzbek tillarida berilishi belgilangan», — deyiladi xabarda.

 

Shuningdek, yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch va doʻstona munosabatlarning yorqin ifodasi sifatida Afgʻoniston hukumati tomonidan tarixda ilk bor Juzjon davlat universitetida joriy yildan boshlab magistratura bosqichida “Oʻzbek tili va adabiyoti” fakultetini tashkil etish rejalashtirilayotgani maʼlum qilingan.