Pedagog platformasida ish staji notoʻgʻri koʻrsatilgan holatda nima qilish kerak?

Pedagog platformasida ish staji notoʻgʻri koʻrsatilgan holatda nima qilish kerak?

Savol: Toʻgʻridan-toʻgʻri oliy malaka toifasini umrbod saqlash uchun ariza yubormoqchi edim. Lekin, pedagog.uzedu.uz — tizimida mening pedagogik stajim 18-yil koʻrinmoqda. Aslida esa hozirgi kunga qadar 27-yillik ped stajga egaman. Bunday holatda nima qilsam boʻladi?

 

Maktabgacha, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlari malaka toifalari olish uchun roʻyxatdan oʻtish va murojaat yuborishda joriy etilgan pedagog.uzedu.uz platformasi bir nechta elektron tizimlar bilan integratsiya qilingan.

 

Pedagoglar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni shu tizimlardan avtomatik tarzda olinadi. Jumladan, pedagoglarning ish faoliyati bilan bogʻliq maʼlumotlar Yagona milliy mehnat tizimi (YAMMT) — my.mehnat.uz saytidan olinadi. Yuqoridagi savol holatga oʻxshash vaziyatlarda quyidagilarni amalga oshirish tavsiya etiladi:

 

Birinchi qadam: Taʼlim tashkilotida pedagoglarning ish faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarini Yagona milliy mehnat tizimi (YAMMT) — my.mehnat.uz -saytiga kiritishga masʼul boʻlgan shaxs (kadrlar boʻyicha menejer yoki shu masalaga masʼul qilib biriktirilgan direktor oʻrinbosari va h.k.z) tomonidan maʼlumotlar toʻliq va toʻgʻri kiritilganligi tekshirib koʻriladi.

 

Ikkinchi qadam: Pedagog tomonidan ONE ID tizimi orqali pedagog.uzedu.uz — platformasidagi shaxsiy kabinetga kiriladi va ‘‘pedagog maʼlumotlarini yangilash’’ tugmachasi bosiladi.

 

Maʼlumot oʻrnida: Yangilangan Pedagog platformasida Malaka toifasini (toʻgʻridan-toʻgʻri, navbatdagi majburiy va navbatdan tashqari) olish uchun Murojaat yuborish jarayonida bir qator oʻrgartirishlar kiritilgan.

 

Quyidagi maʼlumotlar murojaat yuborish jarayonida Platformada faqat integratsiya orqali shakllanadi:

 

1. Davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasida faoliyat yuritayotgan pedagoglarning maʼlumotlari “Bolalar bogʻchasi” axborot tizimida mavjudligi;

 

2. Davlat va nodavlat umumtaʼlim maktablarida faoliyat yuritayotgan pedagoglarning maʼlumotlari “ERP Maktab” axborot tizimida mavjudligi;

 

3. Oliy hamda oʻrta maxsus maʼlumotga ega pedagoglarning diplom maʼlumotlari “Diplom Edu” axborot tizimida mavjudligi;

 

4. Barcha pedagoglarning ish staji boʻyicha maʼlumotlar “YAMMT” axborot tizimida mavjudligi.

 

Mazkur maʼlumotlar koʻrsatilgan axborot tizimlarida mavjud boʻlsagina murojaat yuborish mumkin boʻladi.