Savol: Magistraturani bitirganlarga qachondan 1-toifa beriladi? Hozir men to‘g‘ridan-to‘g‘ri toifaga yuborsam 1-toifa beradimi? Men magistraturani 2023-yilda bitirganman.
Javob: Vazirlar Mahkamasining 10-bandiga ko’ra, ilgari attestatsiyadan oʻtmagan ishga yangi qabul qilingan pedagog kadrlarga yoki oliy taʼlim tashkilotlarini bitirib birinchi bor ishga kirgan pedagog kadrlarga attestatsiyaga jalb etilgunga qadar quyidagi tartibda malaka toifasi (lavozim) beriladi:
– bakalavr darajasiga ega pedagog kadrlarga — mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimi;
– magistr darajasiga ega mutaxassislarga, shuningdek, oliy maʼlumot darajasi boʻyicha akademik darajalar joriy etilgunga qadar olingan oliy maʼlumotli pedagog kadrlarga — ikkinchi malaka toifasi (katta oʻqituvchi lavozimi).
Bunda, dastlab toʻgʻridan-toʻgʻri ikkinchi toifa olish boʻyicha murojaat yuborishingiz, ikkinchi toifa Sertifikatini olgandan keyin esa birinchi toifa olish uchun navbatdan-tashqari attestatsiyada ishtirok etishingiz mumkin.
Ushbu Nizomning 7-bandiga muvofiq “Navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydigan pedagog kadrlar oʻz xohishiga koʻra, navbatdan tashqari attestatsiyadan oʻtishlari mumkin”ligi belgilab qoʻyilgan.
2026-yilda oʻtkaziladigan attestatsiyada oʻz ixtiyoringizga koʻra, navbatdan-tashqari turi boʻyicha qatnashasiz hamda past natija qayd etgan taqdiringizda ham Sizga nisbatan salbiy qaror qabul qilinmaydi. Pedagogik faoliyatingizga to’liq uch yil to’lganidan keyin majburiy attestatsiyadan o’tishingiz kerak, ungacha ixtiyoriy ravishda navbatdan tashqari attestatsiyadan o’tishingiz mumkin.
Ma’lumot uchun, Prezidentning 2025-yil 15-sentyabrdagi muloqotida bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan bitirib, maktabga ishga kirganlarga avtomatik ravishda 2-malaka toifasi, magistrlarga esa 1-malaka toifasi berilishi haqida ilgari surilgan edi. Bu bo’yicha mutassaddi bilan bog‘landik. Ushbu imtiyozlar 2026 va undan keyingi yillar bitiruvchilariga nisbatan tatbiq etilishi rejalashtirilayotganini bildirdi.
