Savol: Men maktabda 1- toifali oʻqituvchiman. Hech qanday ilmiy darajaga ega emasman. Jurnallarga yozayotgan maqolalarim uchun USTAMA HAQ toʻlaydimi? Agar ustama haq toʻlasa direktorga qanday ariza yoziladi?
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-dekabrdagi 1030-son qaroriga 1-ilovada tasdiqlangan “Ilm-fan va taʼlim sohasidagi davlat tashkilotlarida ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarga qoʻshimcha haq toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi nizom 14-bandiga muvofiq lavozim maoshiga har oylik qoʻshimcha haq xodimning faoliyati natijalari asosida quyidagicha oʻrnatilishi mumkin:
a) yoshlarni tarbiyalashga oid har bir ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy qilingan ilmiy-metodik qoʻllanma, ilmiy-tahliliy uslub (yondashuv)lar uchun lavozim maoshiga nisbatan 30 foizgacha;
b) taʼlim va tarbiya sohasida tegishli tashkilot bilan bogʻliq ilmiy maqola (monografiya) nashr qilganligi uchun:
— jurnalning darajasi va muhimligidan kelib chiqqan holda milliy ilmiy jurnallardagi nashr uchun lavozim maoshiga nisbatan 15 foizgacha;
— xalqaro jurnallarda eʼlon qilingan har bir maqola (monografiya) uchun mualliflarga lavozim maoshiga nisbatan 30 foizgacha belgilanadi.
Mazkur bandning barcha kichik bandlari asosida har oylik qoʻshimcha haq lavozim maoshiga nisbatan, bir oyda falsafa doktori (PhD)ga 30 foiz va fan doktori (DSc)ga 60 foizdan oshmasligi lozim.
Demak, mazkur ustama ilmiy darajaga ega boʻlganlar uchun qoʻllaniladi. Agar o‘qituvchida ilmiy daraja boʻlmasa, unda ustama toʻlanmaydi.
