Joriy yilda OTMlarda tahsil olayotgan talabalar soni qanchaga yetdi?

Joriy yilda OTMlarda tahsil olayotgan talabalar soni qanchaga yetdi?

2025-yilda O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi kengaygan bo‘lib, talabalar soni 1,7 millionga yetgan. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining sarhisob brifingida ma’lum qilindi.

 

Hududiy va kadrlar tayyorlash ixtisoslashuvi jihatidan yaqin bo‘lgan 29 ta oliy ta’lim tashkiloti negizida 12 ta yangi oliy ta’lim tashkiloti tashkil etilgan. Hozirda respublikada jami 207 oliy ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda. Ulardan 32 tasi xorijiy oliy ta’lim muassasasi yoki ularning filiallari, 74 tasi nodavlat oliygohlari va 101 tasi davlat oliy ta’lim tashkilotlari hisoblanadi.

 

Oliy ta’lim bilan qamrov darajasi ham oshgan. Bugungi kunda oliygohlarda tahsil olayotgan talabalar soni 1,7 millionni tashkil etadi. Bu 2017-yilga nisbatan 6 barobar ko‘pdir, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov darajasi esa 44 foizdan oshgan.

 

2025-yilda masofaviy ta’lim shakli kengaytirilib, kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari soni 21 tadan 52 taga yetgan. Shuningdek, magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kechki va masofaviy ta’lim shakllari joriy etilgan.

 

Professor-o‘qituvchilar salohiyatini oshirishga ham e’tibor qaratilgan. 6 139 nafar professor-o‘qituvchi xorijda malaka oshirgan, 3 859 nafar xorijiy professor-o‘qituvchi esa o‘quv jarayoniga jalb qilingan.

 

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yili boshida O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotlarida professor-o‘qituvchi xodimlar soni 49,6 ming kishini tashkil etgan. Bu 2020/2021 o‘quv yiliga nisbatan 17,5 mingga, ya’ni 54,5 foizga ko‘p.

 

Professor-o‘qituvchilarning hududlar kesimidagi taqsimoti quyidagicha:

 

— Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 2,7 ming

— Andijon viloyati — 3,1 ming

— Buxoro viloyati — 3,2 ming

— Jizzax viloyati — 2,1 ming

— Qashqadaryo viloyati — 2,2 ming

— Navoiy viloyati — 1,1 ming

— Namangan viloyati — 2,3 ming

— Samarqand viloyati — 4 ming

— Surxondaryo viloyati — 2 ming

— Sirdaryo viloyati — 0,7 ming

— Toshkent viloyati — 2,5 ming

— Farg‘ona viloyati — 2,7 ming

— Xorazm viloyati — 2,1 ming

Joriy yilda OTMlarda tahsil olayotgan talabalar soni qanchaga yetdi?