Rossiyada 2026-yil 1-yanvardan boshlab xorijiy fuqarolarning rus tili, Rossiya tarixi va mamlakat qonunchiligidan bilimini tekshirish to‘liq elektron formatga o‘tkaziladi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bergan.
Hozirda ushbu chora-tadbirni taʼminlash boʻyicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Mazkur yangilik imtihon jarayoni shaffofligini oshirish va bilimlarni baholashda inson omilni minimallashtirishga qaratilgan.
Shuningdek, oʻzgarishlar doirasida imtihon savollarini har oy yangilab borish hamda ularning javoblarini ochiq manbalarda joylashtirish amaliyotidan voz kechish nazarda tutilgan.
Bugungi kunda imtihon topshirish imkoniyati Rossiyaning barcha hududlarida va uning tashqarisida joylashgan 203 ta punktda tashkil etilgan.
Chet el fuqarolari uchun rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi asoslari boʻyicha imtihonlarni oʻtkazish sohasida nazorat va kuzatuv Rosobrnadzor tomonidan amalga oshiriladi.
