Hukumatning 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-son qarori 49-bandiga ko‘ra, ayrim holatlar talabani oliy taʼlim tashkilotidan chetlashtirishga asos boʻladi.
Bunga quyidagilar sabab bo‘lishi mumkin:
– oʻz xohishiga koʻra;
– oʻqishining boshqa taʼlim tashkilotiga koʻchirilishi;
– oliy taʼlim tashkilotining ichki tartib-qoidalari hamda odob-axloq qoidalarini buzgani;
– bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirgani (salomatligi sababli belgilangan shakldagi tibbiy maʼlumotnoma taqdim etilgan holat bundan mustasno);
– oʻqish uchun belgilangan toʻlov oʻz vaqtida amalga oshirilmagani (toʻlov-kontrakt boʻyicha tahsil olayotganlar uchun);
– talaba sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilgani;
– sud qaroriga koʻra kirish imtihonlarida belgilangan tartibni buzgani aniqlanganda (ushbu holatda talabalar safidan chetlashtirilganlar talabalar safiga qayta tiklanmaydi);
– kursda qoldirilgan talaba oʻqishini davom ettirish boʻyicha belgilangan muddatlarda murojaat qilmaganda;
– talaba abituriyent sifatida oliy taʼlim tashkiloti qabul komissiyasiga taqdim etgan (topshirgan) hujjatlarining qalbakiligi yoki belgilangan talablarga javob bermasligi aniqlansa;
– vafot etgani.
Shuningdek, harbiy xizmatni oʻtash, salomatligini tiklash, homiladorlik va tugʻish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish taʼtillari davrida hamda oilasining betob aʼzosini (otasi, onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar, turmush oʻrtogʻi, farzandi) parvarish qilish uchun talabaga belgilangan tartibda akademik taʼtil berilishi mumkin.
