“Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga sifatli taʼlim olish imkoniyatini yaratish, ularni jamiyatga integratsiya qilish va individual rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (818-son, 24.12.2025-y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, Toshkent shahrida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi Koʻp funksional inklyuziv-resurs markazi (Inklyuziv markaz) va Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 1 tadan alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab yoki maktab-internatlar negizida Koʻp funksional inklyuziv-resurs maktablari tashkil etiladi.
2026/2027 oʻquv yilidan Inklyuziv markaz tarkibida tajriba-sinov tariqasida inklyuziv-korreksion maktab faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Unda boshlangʻich sinflar uchun oʻquvchilarni moslashtirish, taʼlim va muloqot koʻnikmalarini shakllantirish hamda rivojlantirish, shuningdek, individual taʼlim rejasi asosida korreksion va qoʻshimcha mashgʻulotlarni oʻz ichiga olgan inklyuziv sinflar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Inklyuziv markazda umumtaʼlim maktablarining inklyuziv sinflarida taʼlim oluvchi nogironligi boʻlgan oʻquvchilar uchun asosiy maktabdagi darslariga qoʻshimcha fan, kasb va korreksion mashgʻulotlar yoʻlga qoʻyiladi.
2027-yil 1-yanvardan Inklyuziv markazda davlat taʼlim tashkilotlari maxsus pedagoglarining bilim va koʻnikmasini baholash uchun maxsus pedagoglarni kasbiy sertifikatlash tizimi joriy qilinadi.
2027/2028 oʻquv yilidan hududlarda bosqichma-bosqich Inklyuziv maktablar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
