Xorijda taʼlim: Janubiy Koreyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba bilan suhbat

Xorijda taʼlim: Janubiy Koreyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba bilan suhbat

Janubiy Koreyaning Anyang universitetida tahsil olayotgan Marjona Abdurahmanova bilan Koreya taʼlim tizimi, hujjat topshirish jarayoni, dars mashgʻulotlari hamda bu mamlakatda talabalarga yaratilgan imkoniyatlar haqida suhbatlashdik.

 

Marjona Abdurahmanova 2003-yilda Fargʻona viloyatida tugʻilgan. Boshlangʻich taʼlimni Toshkent viloyatidagi 54-sonli maktabda olgan. 2021-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakulteti bakalavriat bosqichiga oʻqishga qabul qilingan. Bakalavriat davrida u bir qator vazirlik va tashkilotlarda amaliy tajriba orttirgan. Xususan, Adliya vazirligining media materiallar tayyorlash boʻlimida, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Axborot xizmatida kontent menejer vazifasida faoliyat yuritgan. Shuningdek, “Oʻzbekiston 24” telekanalining Xorij xabarlari tayyorlash boʻlimida amaliyot oʻtab, media sohasidagi bilim va koʻnikmalarini mustahkamlagan.

 

U bakalavriat bosqichini imtiyozli diplom bilan yakunlab, Janubiy Koreyaning Anyang universitetiga magistratura bosqichiga oʻqishga qabul qilingan. Hozirda Xalqaro biznes yoʻnalishi boʻyicha 1-bosqich magistranti hisoblanadi.

 

Marjona Talimxabarlari.uz’ga nega Janubiy Koreya universitetini tanlagani, hujjat topshirish jarayonlari haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, Janubiy Koreya taʼlim tizimi va dars jarayonlari haqida gapirib berdi hamda bu mamlakatga endi borishni rejalayotgan yoshlarga nimalarga ko‘proq eʼtibor qaratish lozimligi borasida o‘z tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

Xorijda taʼlim: Janubiy Koreyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba bilan suhbat
Foto: Marjona Abdurahmonovaning shaxsiy arxividan

Nega aynan Janubiy Koreya?

— Bakalavriat davridayoq xorijda tahsil olishni rejalashtirgan edim. Media va kommunikatsiya sohasida oʻqigan boʻlsamda, magistratura bosqichida bilim doiramni kengaytirish va biznes jarayonlarini chuqurroq oʻrganish istagi paydo boʻldi. Janubiy Koreya esa taʼlim sifati, texnologik rivojlanishi va akademik muhit bilan meni oʻziga tortdi. Osiyoda taʼlim sifati yuqori boʻlgan davlatlardan biri. Ayniqsa, biznes va menejment yoʻnalishlarida nazariya bilan birga amaliyotga katta eʼtibor qaratiladi. Shu sababli magistratura uchun aynan Koreyani tanladim.

 

Hujjat topshirish jarayoni va grant masalasi

Marjona Koreyaga agentlik orqali hujjat topshirgan.

— Universitetlarga mustaqil hujjat topshirish jarayoni murakkab boʻlgani uchun agentlik orqali murojaat qildim. Agentlik hujjatlarimni tayyorlash, universitet tanlash va qabul jarayonida yaqindan yordam berdi. Anyang universitetining magistratura bosqichi uchun asosiy talablar quyidagicha:

— IELTS kamida 5.5-6-7;
— bakalavriat diplomi;
— akademik transkript;
— motivatsion xat.

Anyang universiteti uchun kerakli hujjatlar esa:

1. Til sertifikati
2. Diplom (apostil)
3. Tugʻilganlik haqida guvohnoma
4. Bank shot
5. Rasm
6. Oʻqish reja va avtobiografiya

Hujjatlar koʻrib chiqilgach, agar shunga loyiq koʻrilsa va tilni bilish darajasi yuqori boʻlsa va suhbatlardan muvaffaqiyatli oʻtilsa, maʼlum miqdorda grant ajratiladi. Bu grant kontrakt toʻlovining yarmiga tatbiq etiladi va akademik koʻrsatkichlarga qarab keyingi semestrlarda ham saqlanib qolinishi mumkin.

 

Koreyada yashash va oʻqishga moslashish

— Janubiy Koreyaga ilk bor kelganimda, hamma narsa juda tez va tartibli boʻlib tuyulgan. Aeroportdan boshlab odamlarning shoshqaloqligi, transport tizimining aniqligi va hamma joyda texnologiyalardan foydalanilayotgani koʻrib shoshib qolasiz. Dastlab bu muhit biroz gʻalati hatto charchatadigan ham boʻlib tuyulgan lekin vaqt oʻtib bularning barchasi kundalik hayotimni bir qismiga aylandi.

 

Koreyada vaqtga juda jiddiy qaraladi. Darslar aniq belgilangan vaqtda boshlanadi, kechikish odatiy hol sifatida qabul qilinmaydi. Universitet hayotiga moslashish ham asta-sekin kechadi. Darslar ingliz tilida olib borilsada, kundalik hayotda koreys tilini bilmaslik ayrim noqulayliklar tugʻdirishi mumkin. Doʻkonda, transportda yoki oddiy savollar berishda koreys tilining eng kamida boshlangʻich darajasini bilish kerak. Shu sababli koʻplab xorijiy talabalar kelganidan keyin koreys tilini oʻrganishga eʼtibor qaratadi. Koreya universitetlarida talabalar juda mehnatkash. Kutubxona va oʻquv xonalari kechki payt ham toʻla boʻladi. Baʼzida talabalar darsdan keyin ham universitetda qolib, guruh boʻlib topshiriqlar ustida ishlashadi.

 

Yashash sharoitlariga moslashish boʻlsa alohida jarayon. Koʻpchilik xorijiy talabalar yotoqxonada yashaydi. Xonalar kichik boʻlsada, juda tartibli va qulay. Men turmush oʻrtogʻim bilan turganligim sababli menda hech qanday qiyinchilik kuzatilmadi.

 

Oziq-ovqat masalasida ham dastlab farq siziladi. Koreys taomlari achchiq va oʻziga xos taʼmga ega. Boshida hamma ham tez koʻnikib keta olmaydi. Shu sababli koʻpchilik dastlab oʻzi ovqat tayyorlashga harakat qiladi.
Ijtimoiy muhitga moslashish ham oson emas. Koreyslar odatda kamgap, ular bilan yaqinlashish uchun vaqt kerak boʻladi. Lekin men asosan xorijliklar: Hindiston, Nepal, Bangladesh, Xitoylik talabalar bilan birga tahsil olaman, kursdoshlarimning ham aksariyati shu davlatlardan. Shu sababli tez doʻstlashib keta oldik.

Xorijda taʼlim: Janubiy Koreyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba bilan suhbat
Foto: Shaxsiy arxiv

Eng muhimi, Koreyada yashash va oʻqishga moslashish sabr va vaqt talab qiladi. Bir-ikki oy ichida hamma narsa oʻz oʻrniga tushib qolmaydi. Asta-sekin siz bu tartibli hayotga moslashib, oʻzingizda ham oʻzgarishlarni seza boshlaysiz masʼuliyat oshadi, vaqtni qadrlashni oʻrganasiz va koʻproq mustaqil qaror qabul qilishni boshlar ekansiz.

 

Koreya taʼlim tizimi

— Janubiy Koreya taʼlim tizimi dunyoda intizom, raqobat va yuqori natijadorlik bilan ajralib turadi. Universitet taʼlimi faqat akademik bilim berish bilangina cheklanib qolmay talabani real bozor sharoitiga tayyorlashga harakat qiladi. Universitetlarda magistratura bosqichidagi taʼlimda oʻquv rejasi qatʼiy belgilangan, lekin talabaning qiziqishiga qarab fan tanlash imkoniyati ham mavjud. Taʼlim jarayonida nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy tahlil, real kompaniyalar misolida ishlashga alohida eʼtibor qaratiladi. Ayniqsa, xalqaro biznes yoʻnalishida oʻqiyotgan talabalar uchun global bozor, Osiyo iqtisodiyoti, Koreya kompaniyalari modeli keng oʻrganiladi.

 

Universitetda darslar asosan quyidagi shakllarda olib boriladi: Maʼruza boʻlib oʻtadi, professor tomonidan mavzu tushuntiriladi va seminarda talabalar ishtirokida muhokama va tahlil qilinadi.Amaliy mashgʻulotlar ham oʻtib boriladi. Koreyada darslar juda intensiv. Har bir fan boʻyicha haftalik oʻqish materiallari, ilmiy maqolalar va prezentatsiyalar tayyorlash talab etiladi. Bu tizim talabani doimiy izlanishga majbur qiladi.Professorlar talabadan passiv tinglovchi boʻlishni emas balki doim faol fikrlashni talab qiladi.Savol berish, bahslashish va oʻz pozitsiyasini himoya qilish ragʻbatlantiriladi. Dars davomida sukut saqlab oʻtirish salbiy baholanadi — deydi Marjona.

 

Baholash tizimi ham oʻziga yarasha

Koreya universitetlarida baholash tizimi juda shaffof. Baholar quyidagi mezonlar asosida belgilanadi:

— darsga qatnashish (attendance);
— oraliq topshiriqlar;
— prezentatsiyalar;
— yakuniy imtihon.

 

Baʼzi fanlarda yakuniy imtihon boʻlmasligi mumkin. Uning oʻrniga semestr oxirigacha tayyorlangan tadqiqot ishi yoki biznes-loyiha topshiriladi. Plagiat masalasiga juda qatʼiy qaraladi. Hatto kichik koʻchirma ham jiddiy muammo hisoblanadi. Shu sababli akademik manbalar bilan ishlash muhim ahamiyatga ega. Texnologiyalarga asoslangan oʻquv muhiti mavjud. Koreya universitetlarida deyarli barcha jarayonlar raqamlashtirilgan. Dars jadvali, topshiriqlar, baholar,maxsus eʼlonlar ,onlayn platformalar orqali yuritiladi. Talabalar elektron kutubxonalar, ilmiy bazalar, universitet ilovalari orqali professorlar bilan aloqada boʻlishadi.

 

Bu tizim boshida biroz qiyin tuyulgan, ammo vaqt oʻtib juda qulay ekanini tushunganman. Qogʻozbozlik deyarli yoʻq. Koreys jamiyatida hurmat tushunchasi juda muhim. Yosh, lavozim va akademik maqomga qarab muomala qilinadi. Professorlarga boʻlgan munosabat va rasmiy hurmat juda kuchli.

Xorijda taʼlim: Janubiy Koreyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba bilan suhbat
Foto: Shaxsiy arxiv

Hayron qoldirgan narsalar

Janubiy Koreyada yashash davomida meni eng hayron qoldirgan jihatlardan biri — tozalikka atrof muhitga munosabat. Koʻchalarda deyarli axlat koʻrmaysiz, jamoat joylari doimo toza. Eng qizigʻi, axlat qutilari kam boʻlsa ham, odamlar chiqindini choʻntagida olib yurib, uyiga yetguncha tashlamaydi.

 

Koreyada texnologiyalar kundalik hayotga singib ketgan. Telefon orqali transport kartasi toʻldirish, toʻlov qilish, buyurtma berish, bir kun davomida naqd pul ishlatmasdan yurish odatiy holga aylangan deyarli karta tizimiga oʻtib ketgan. Bu qulayliklarga tez oʻrganib qolasan kishi.Eng muhimi tizim oʻz vaqtida ishlaydi. Jamoat transportlarida tekin wi-fi tarmoqlari mavjud. Telefon raqamingizni hisobida mavjud boʻlmasada telefon qilish imkoniyatiga egasiz. Oziq-ovqat madaniyati ham meni hayron qoldirdi. Koreyada odamlar kam-kamdan juda tez ovqatlanishadi. Koʻpchilik tashqarida ovqat yeydi, kichik kafelar va oshxonalar juda koʻp. Achchiq taomlar boshida qiyin tuyulsada, vaqt oʻtib ularga koʻnikib ketsa boʻladi. Yetkazib berish xizmati ham oʻz vaqtida ishlaydi va istalgan turdagi buyurtmalaringiz oʻz vaqtida eshigingiz tagida boʻladi.

 

Yana bir eʼtiborimni tortgan jihat odamlar tashqi koʻrinishga eʼtibor qaratib yurishadi, ayniqsa yuz parvarishiga. Koreyada ozoda kiyinish, oʻziga qarash kundalik odat hisoblanadi. Lekin hech qachon kiygan kiyimingizga qarab sizga munosabat bildirishmaydi. Istashsa qahraton qishda ham yengil poyabzal va kiyimlarda jamoat transportlariga chiqib ketaverishadi. Ular uchun qulaylik birinchi oʻrinda.Hech kim aynan shu narsaga eʼtibor bilan qarab mazax qilmaydi. Avtobus yoki metroda baland ovozda gaplashish, telefon orqali shovqin qilish deyarli uchramaydi. Maxsus oʻrindiqlar (nogiron,homilador ayollar,qariyalar) uchun moʻljallangan oʻrindiqlar boʻsh boʻlsa ham odamlar jimgina tik turib ketaverishadi.

 

Shuningdek, bu yerda xavfsizlik darajasi ham yuqori ayniqsa ayol qizlar uchun. Kechqurun yolgʻiz yurish ham qoʻrqinchli emas. Koʻchalarda kameralar koʻp, jamoat joylari yaxshi yoritilgan. Bu ayniqsa xorijlik talaba sifatida oʻzingizni ancha xotirjam his qilishingga yordam beradi.

Xorijda taʼlim: Janubiy Koreyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba bilan suhbat
Foto: Shaxsiy arxiv

Yashash xarajatlari

Janubiy Koreyada yashash xarajatlari shahar va yashash turiga qarab farqlanadi. Seulga yaqin hududlarda narxlar nisbatan yuqori, universitetga yaqin shaharlarda talabalarga qulayroq variantlar mavjud. Shu sababli koʻpchilik xorijiy talabalar aynan universitet yotoqxonasini yoki kampusga yaqin ijaradagi xonalarni tanlaydi. Talabalar uchun eng yaxshi variant bu yotoqxona. Yotoqxonada yashash ijara, kommunal xizmatlar va internet kabi xarajatlarni ancha kamaytiradi. Odatda yotoqxona toʻlovi bir semestr uchun toʻlanadi va u oyiga oʻrtacha 250$-400$ atrofida boʻladi.

 

— Men turmush oʻrtogʻim bilan alohida turganim sababli ijara narxlari biroz balandroq. Koreyada xonadon ijarasida depozit tizimi mavjud boʻlib, ijara toʻlovidan tashqari dastlab ancha katta summa toʻlash talab qilinadi. Yaʼni taxminan 1000$ miqdorida. Oylik ijara narxlari esa hududga qarab oʻzgarishi mumkin taxminan 400$-700$ atrofida boʻlishi mumkin, buning ustiga elektr, suv va gaz xarajatlari ham qoʻshiladi.

 

Oziq-ovqat xarajatlari talabalar byudjetida muhim oʻrin tutadi. Agar talaba koʻproq tashqarida ovqatlansa, bir mahal ovqat 6-10$ atrofida boʻladi. Transport xarajatlari Koreyada nisbatan qulay. Metro va avtobus tizimi juda rivojlangan. Talabalar transport kartalaridan foydalanib, bir yoʻnalish uchun oʻrtacha 2$-3$ toʻlashadi.
Kundalik mayda xarajatlar: daftar, qahva yoki kichik ehtiyojlar uchun oyiga yana 50$-80$ ajratishga toʻgʻri keladi. Talabalarga haftasiga maʼlum soat ishlashga ruxsat beriladi taxminan (20-25soat) lekin magistratura bosqichida oʻqish yuklamasi ogʻir boʻlgani sababli koʻpchilik talabalar asosiy eʼtiborni taʼlimga qaratadi.

 

Talabalarga yaratilgan imkoniyatlar

Anyang universitetida talabalar uchun qulay va zamonaviy taʼlim muhiti yaratilgan. Kampusda zamonaviy auditoriyalar, kompyuter xonalari va mustaqil dars qilish zonalari mavjud boʻlib, talabalar ulardan darsdan keyin ham foydalanishlari mumkin. Universitet kutubxonasi bosma va elektron manbalar bilan taʼminlangan, ilmiy bazalarga bepul kirish imkoniyati mavjud. Taʼlim jarayoni raqamli platformalar orqali olib borilib, dars jadvali, topshiriqlar va baholar onlayn kuzatiladi.

Xorijda taʼlim: Janubiy Koreyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba bilan suhbat
Foto: Shaxsiy arxiv

Xalqaro talabalar uchun maxsus qoʻllab-quvvatlash markazi mavjud. U viza, hujjatlar va moslashuv jarayonida yordam beradi. Akademik koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan talabalar uchun turli grant va stipendiya dasturlari mavjud. Shuningdek, sport inshootlari, fitness zallari foydalanishga uchun bepul.

 

Maslahat va tavsiyalar

Janubiy Koreyada oʻqishni rejalayotgan yoshlarga eng avvalo aniq maqsad tanlashni tavsiya qilaman.Universitet va mutaxassislikni tanlashda faqat reytingga yoki xususiy universitet ekanligiga emas, balki oʻz qiziqishlaringiz va kelajak rejalaringizga mos kelishiga eʼtibor qaratishingiz kerak degan boʻlardim.

 

Oʻqish jarayonida yozma ishlar koʻp boʻlgani sababli akademik ingliz tilini oldindan mustahkamlab kelish ham foydali. Koreyaga kelgach, vaqtni boshqarish juda muhim. Darslar intensiv boʻlgani uchun topshiriqlarni oxirgi kunga qoldirmaslik, reja asosida ishlash oʻqishni ancha yengillashtiradi. Kundalik hayotda esa koreys tilining kamida boshlangʻich darajasini oʻrganib kelishni tavsiya qilgan boʻlardim. Bu nafaqat yashashni, balki odamlar bilan muloqotni ham osonlashtiradi albatta. Xorijiy talaba sifatida faollikdan chetda qolmaslik kerak. Universitet klublari, tadbirlar va xalqaro dasturlarda ishtirok etish yangi tanishlar orttirish muhim. Eng asosiysi imkoniyatlardan unumli foydalanib,boshqa bir davlatda davlat imijini koʻtarib yurish mas’uliyatini yelkaga ortib chiqishni unutmaslik kerak.

Xorijda taʼlim: Janubiy Koreyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba bilan suhbat
Foto: Shaxsiy arxiv

Kelajakdagi rejalar

— Koreyada tahsil olish menga nafaqat bilim, balki mustaqil fikrlash, vaqtni toʻgʻri boshqarish va global qarashni oʻrgatmoqda. Magistraturani tamomlagach, Oʻzbekistonga qaytib, xalqaro biznes va media sohalarida oʻz oʻrnimni topishni istayman. Ayni paytda biznes yoʻnalishida, xususan gastronomik turizm sohasiga qiziqishim tobora ortib bormoqda. Koreya oshxonasi, ovqatlanish madaniyati va turizm tizimi meni bu yoʻnalishda chuqurroq oʻrganishga undamoqda. Shu sababli oʻqish jarayonida bu soha bilan bogʻliq tajriba toʻplash, mahalliy bozorni kuzatish va dastlabki qadamlarimni sekin va puxta tashlash niyatidaman. Shuningdek til koʻnikmalarimni rivojlantirib, toʻplangan bilim va tajribani amaliyotga tatbiq etmoqchiman.