Rossiyaning ta’lim sifatini nazorat qiluvchi organi — Rosobrnadzor Moskva Ijtimoiy va Iqtisodiy Fanlar Maktabi (“Shaninka”)ning ta’lim litsenziyasini vaqtincha to‘xtatganini ma’lum qildi. Bu shuni anglatadiki, universitet endi talabalarga ta’lim bera olmaydi.
Universitet tashkilotchisi talabalarning yozma roziligi bilan ularni boshqa oliy ta’lim muassasalariga o‘tkazishi, shu jumladan o‘quv dasturi, kurs, shakl va to‘lov shartlarini saqlab qolishi lozim.
Litsenziya sud universitetdagi buzilishlar bo‘yicha qaror chiqarilguncha to‘xtatilishi mumkin. Faqat bekor qilingan litsenziya qayta tiklanmaydi.
Ma’lumot uchun, 2025 yil noyabrida Rosobrnadzor Shaninka tomonidan quyidagi ta’lim dasturlari bo‘yicha akkreditatsiyani bekor qilgan edi:
— Psixologiya (bakalavriat va magistratura)
— Menedjment (bakalavriat)
— Sotsiologiya (bakalavriat)
Bu qaror 23 iyun va 11 sentabrda chiqarilgan sud qarorlariga asoslangan.
Bundan bir yil oldin Rosobrnadzor universitetga rejalashtirilmagan tekshiruv o‘tkazgan va dasturlar Federal davlat ta’lim standartlariga mos emasligini aniqlagan. Universitetga buzilishlarni bartaraf etish uchun uch oy muddat berilgan. Mart oyida Shaninka bu kamchiliklarning 80 foizini bartaraf qilganini xabar qilgan. Shunga qaramay, Rosobrnadzor 2025 yilda talaba qabul qilishni taqiqlagan va yangi ko‘rsatma bergan. Universitet Rosobrnadzor qaroriga sud orqali qarshi chiqishga harakat qilgan, lekin sud vaziyatda nazorat organi tomonida bo‘lgan.
Avvalroq, Rossiya ta’lim nazorati organi bir nechta ta’lim muassasalariga majburiy talablarni buzishga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirishlar e’lon qilgan edi.
