2026-yilda xorijdan keladigan chet tili o‘qituvchilari uchun 700 mlrd so‘m ajratiladi

2026-yilda xorijdan keladigan chet tili o‘qituvchilari uchun 700 mlrd so‘m ajratiladi

«2026-yil Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi»da kelgusi o‘quv yili uchun 1 500 nafar xorijiy til o‘qituvchilarini jalb etish maqsadida 700 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yilda ajratilgan 210 milliard so‘mlik mablag‘dan 2,8 baravar ko‘proq.

 

Chet tili o’qituvchilarini ta’lim jarayoniga jalb qilish 2030-yilgacha bo‘lgan davlat strategiyasida belgilangan ustuvor maqsadlardan biri hisoblanadi. Strategiyaga ko‘ra, har yili 500 nafardan ortiq xorijiy mutaxassislar ta’lim tashkilotlariga taklif etilishi lozim.

 

Bugungi kunda maktablarda eng keng o‘qitilayotgan chet tili ingliz tili ekanligi qayd etiladi. 2023-yildan buyon ta’lim muassasalarida ingliz, nemis va fransuz tili bo‘yicha 500 nafardan ortiq xorijlik pedagoglar “til egalari” sifatida faoliyat boshlagan. 2024-yildan boshlab esa yana 1 500 nafar mutaxassisni jalb etish maqsad qilingan.

 

Mazkur o‘qituvchilar yuqori sinflarga Buyuk Britaniyaning “Cambridge University Press”, Fransiyaning “Didiyer” hamda Germaniyaning “KLETT” nashriyotlari darsliklari asosida saboq beradi.

 

O‘zbekiston tajribasi ham ijobiy natijalarni ko‘rsatmoqda: “til egalari” faoliyat yuritgan 500 ta maktabda o‘quvchilarning chet tillarni bilish darajasi hududlarga qarab o‘rtacha 5–15 foizga oshgan.

 

Xorijiy mutaxassislar haftasiga 20 soat dars o‘tib, bundan tashqari haftada uch marotaba qo‘shimcha to‘garak mashg‘ulotlari olib boradi. Shuningdek, ular mahalliy o‘qituvchilar uchun muntazam treninglar ham tashkil etadi.