Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti maʼmuriyati Fan va oliy taʼlim vaziri Baxtiyor Orozov davlat xizmati etikasini buzgani sababli lavozimidan ozod etilganini maʼlum qildi.
Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov 2025-yil 15-dekabr kuni Baxtiyor Orozovni ishdan boʻshatish toʻgʻrisidagi hujjatni imzolagan. Rasmiy bayonotda vazir “davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalariga rioya qilmagani” uchun lavozimidan chetlatilgani aytilgan.
Sputnik Qirgʻiziston xabariga koʻra, Baxtiyor Orozov 15-dekabrga oʻtar kechasi mast holda avtomobil boshqargani uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlangan. U xizmat avtomobilini boshqarayotgan boʻlgan va uning yonida haydovchilik guvohnomasi boʻlmagan.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda amaldorning narkologiya muassasasida boʻlib turgani aks etgan video ham tarqalgan edi.
Mazkur maʼlumotni Davlat Yoʻl harakati xavfsizligi inspeksiyasi bosh boshqarmasi matbuot xizmati ham tasdiqlagan. Hodisadan soʻng Baxtiyor Orozov Fan va oliy taʼlim vaziri lavozimidan rasman ozod etildi.
