O‘zbekistonning 38 ta oliygohi dunyoning TOP-1000 talik “yashil” OTMlari reytingidan joy oldi

O‘zbekistonning 38 ta oliygohi dunyoning TOP-1000 talik “yashil” OTMlari reytingidan joy oldi

Oʻzbekistonning 38 ta oliy ta’lim muassasasi xalqaro global ekologik reytingida TOP-1000 talikdan joy oldi. Bu haqda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

5-dekabr kuni Tayvanda UI GreenMetric 2025 ekologik barqaror universitetlar xalqaro reytingining rasmiy natijalari e’lon qilindi. Joriy yilda 105 davlatdan 1 745 ta universitet baholangan ushbu reytingda Oʻzbekistonning 79 ta oliy taʼlim muassasasi ishtirok etdi. Ularning 38 tasi dunyoning TOP-1000 taligidan joy olgan.

 

“2025-yilning mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” deb eʼlon qilingani bilan uygʻun holda universitetlarimizning xalqaro ekologik tashabbuslardagi ishtiroki tobora faollashmoqda.

Oʻzbekiston oliy ta’lim tashkilotlarining UI GreenMetric 2025 natijalari — bu taʼlim maskanlarimizda ekologik masʼuliyat, barqaror infratuzilma va global standartlardan oʻrin olish borasidagi qatʼiy harakatlarning yorqin tasdigʻidir”, – deyiladi vazirlik xabarida.

 

​UI GreenMetric universitetlarning global ekologik reytingi hisoblanib, Indoneziya universiteti tomonidan 2010-yildan beri o‘tkazib kelinadi. Reytingni tuzuvchilar ilmiy jamoatchilik e’tiborini ba’zi ekologik muammolarni hal qilish uchun atrof-muhitni barqaror rivojlantirish siyosati zarurligiga jalb qilishga intiladi.