Joriy yilda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichida 1 666 297 nafar talaba ro‘yxatga olingan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, talabalarning 53,35 foizi ayollar, 46,65 foizi erkaklardir.
Yosh tarkibida qariyb 1,42 million talaba 30 yoshgacha, 249,6 ming nafari esa 30 yoshdan katta.
Ulardan to‘lov turi bo‘yicha 157 mingdan ortig‘i davlat granti asosida, 1,5 milliondan ziyodi esa to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olmoqda.
Kurslar kesimida eng katta ulushni birinchi kurs talabalarida ko‘rish mumkin — ularning soni 426,7 ming nafarni tashkil etadi. Ikkinchi kursda 369,9 ming, uchinchi kursda 370,1 ming, to‘rtinchi kursda 359,9 ming talaba bor. Beshinchi kursda 131,3 ming, oltinchi kursda esa 8,2 ming nafar talaba tahsil olmoqda.
Fuqarolik bo‘yicha talabalarning aksariyati — 1,64 million nafari — O‘zbekiston fuqarolaridir. Shuningdek, OTMlarda 21 210 nafar xorijiy va fuqaroligi yo‘q 140 nafar talaba ham o‘qiydi.
Ma’lumotlarga asosan, ta’lim shakllari orasida kunduzgi yo‘nalish eng katta ko‘rsatkichga ega bo‘lib, unda 919 952 nafar talaba tahsil oladi. Sirtqi ta’limda 657 042, kechki ta’limda 70 162, masofaviy shaklda 55 034, maxsus sirtqi bo‘limlarda esa 23 319 talaba mavjud. Ikkinchi oliy ta’limning barcha shakllarida jami 25 mingdan ortiq talaba ro‘yxatga olingan.
Talabalarning yashash sharoitlari turlicha. Ulardan:
— O‘z uyida — 793 360;
— Talabalar turar joyida — 709 886;
— Ijarada — 208 285;
— Qarindoshinikida — 25 490;
— Tanishinikida — 2 478 nafar.
Ma’lumotlar real vaqt rejimida HEMIS axborot tizimidan olinmoqda.







