Soʻnggi yillarda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim uchun ajratiladigan kvotalar soni 10 baravarga oshirilgan. Xususan, 2017-yilda 504 ta qabul kvotasi ajratilgan boʻlsa, 2025-yil uchun 5250 ta va 2026-yil uchun 5300 ta qilib tasdiqlangan.
Innovatsion rivojlanish agentligi axborot xizmati rahbari Muqaddas Fayozovaning maʼlum qilishicha, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimida kvotalarning kengayishi mamlakatimiz uchun strategik ahamiyatga ega ilmiy sohalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
2026-yil uchun ajratilgan 5300 ta kvotaning 60 foizini zamonaviy texnologiyalar, sogʻliqni saqlash va bioinnovatsiyalar, energetika, qishloq xoʻjaligi hamda suv resurslari va atrof-muhit muhofazasi kabi ustuvor yoʻnalishlarga yoʻnaltirish yosh olimlar uchun manzilli imkoniyatlarni kengaytirayapti. Bu ilmiy salohiyatni oshirishda muhim omil boʻlmoqda. Shu bilan birga, ilmiy va taʼlim tashkilotlarida oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutlari qamrovi ham sezilarli darajada kengaydi. Agar 2017-yilda bunday institutlar 100 ta tashkilotda faoliyat yuritgan boʻlsa, 2025-yilda ular soni 249 taga yetdi. Bu esa 2,3 baravar oʻsishni ifodalaydi. Izlanuvchilar soni ham barqaror oshib bormoqda, – deydi M.Fayozova.
2025-yilning toʻrtinchi choragi holatiga koʻra, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimida jami 34149 nafar izlanuvchi tahsil olmoqda. Shulardan 11877 nafari doktoranturada (DSc – 722, PhD -11155 nafar), 21919 nafari mustaqil izlanuvchilikda (DSc – 3546, PhD -18373 nafar), 353 nafari esa stajyor-tadqiqotchi sifatida ilmiy faoliyat olib bormoqda.

