Nega tojikistonlik talabalar O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarini tanlamoqda?

Nega tojikistonlik talabalar O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarini tanlamoqda?

So‘nggi yillarda Tojikistondan O‘zbekistonga kelib, oliy ta’lim olayotgan yoshlar soni izchil ortib bormoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda o‘zbek universitetlarida 1443 nafar tojikistonlik talaba tahsil olmoqda.

 

Xalqaro standartdagi ta’lim — arzonroq narxda

 

Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti (WIUT) bitiruvchisi xo‘jandlik Behruz Yusupov 2021-yilda O‘zbekistonda o‘qishni tanlagan.

 

‘‘O‘sha paytda men izlagan asl narsa: arzonroq narxda, uyga yaqin, g‘arb standartlariga mos ta’lim olish va shu bilan birga kelajakda qaysi yo‘nalishga ketishni anglash uchun vaqt bo‘lishi edi’’, — deydi u.

 

Britaniya tizimida ishlaydigan WIUT (Foundation + 3 yil bakalavriat) Behruz uchun ideal variant bo‘lgan. Uning fikricha:

 

  • Britaniya diplomi, ammo Buyuk Britaniyadagi narxdan 10 baravar arzon;

  • Xo‘janddan 180 km masofa — xohlaganda dam olish kunlari uyga borish mumkin;

  • Qulay logistika va xavfsizlik.

 

Nega tojikistonlik talabalar O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarini tanlamoqda?

 

Dastlab u 1 yil o‘qib, boshqa chet el universitetiga ko‘chmoqchi bo‘lgan, ammo reallik kutilganidan yaxshiroq chiqqan:

 

‘‘Men bu universitetga oshiq bo‘ldim, ko‘plab do‘stlar orttirdim, o‘qishga qiziqish paydo bo‘ldi va tez rivojlanayotgan Toshkentda katta imkoniyatlarni ko‘rdim’’.

 

Universitet Behruz uchun ijodiy o‘sish maydoniga ham aylangan — aynan WIUT musiqiy klubida u vokal bilan shug‘ullanishni boshlagan va oxir-oqibat to‘rtta qo’shiq chiqargan.

 

Shuningdek, u yaqinda Emirates Aviation University magistraturasiga qabul qilingan. Uning aytishicha, WIUT unga xalqaro karyera uchun tramplin bo‘lgan.

 

Mintaqaviy yaqinlik va madaniy moslik

 

Yana bir WIUT talabasi Firuz Yuldashevning fikricha, mamlakat tanlashdagi eng katta ustunlik — bu madaniy yaqinlik:

 

‘‘Odamlar, an’analar, mentalitet bizning mamlakatga juda o‘xshaydi. Shu bois o‘zimni juda qulay his qilaman’’, — deydi u.

 

Xususan, Xo‘janddan Toshkentga yo‘l 2–3 soat vaqt oladi — bu esa ota-onani tez-tez ko‘rib turishga imkon beradi.

 

Firuz Yuldashev WIUTni bir nechta sabablarga ko‘ra tanlagan:

 

  • bu London universitetining rasmiy filiali;

  • dastur to‘liq britancha;

  • bitirgach, ingliz diplomini qo‘lga kiritadi;

  • aynan shu darajadagi ta’lim Buyuk Britaniya yoki Yevropada ancha qimmat.

 

Nega tojikistonlik talabalar O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarini tanlamoqda?

 

U Janubiy Koreya, BAA va Italiyani ham ko‘rib chiqqan, ammo yakunda O‘zbekistonni tanlagan — ota-onasi unga:

 

‘‘Yaqin, xavfsiz va xalqaro darajadagi ta’lim bor — aynan eng optimal variant’’, — deb maslahat bergan.

 

Tibbiyot ta’limi va qulay muhit

 

Toshkent davlat tibbiyot universiteti talabasi Mehrona Ochilovaning fikricha, O‘zbekiston sifatli ta’lim olish uchun eng maqbul variantlardan biri.

 

Uning tanloviga ta’sir qilgan omillar:

 

  • O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini faol ravishda modernizatsiya qilmoqda;

  • xalqaro standartlarga mos, zamonaviy ta’lim dasturlari ochilmoqda;

  • o‘qish va yashash narxi arzon, Rossiya va Qozog‘istonga qaraganda ham tejamkor;

  • uyga yaqin — safar xarajatlari kam;

  • rus va ingliz tillaridagi dasturlar tufayli moslashish oson.

 

Nega tojikistonlik talabalar O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarini tanlamoqda?

 

U, shuningdek, o‘qituvchilarning samimiy va qo‘llab-quvvatlovchi munosabatini ta’kidlaydi:

 

‘‘O‘qituvchilar dars jarayonini qiziqarli qilishga harakat qilishadi. Bu esa talabalarning o‘qishga qiziqishini oshiradi’’.

 

Qabul shartlari va xalqaro universitetlar

 

Tojikistonlik yoshlarning O‘zbekistonni tanlashiga sabab bo‘lgan omillardan biri — xorijiy abituriyentlar uchun qulay qabul tizimi. Ko‘plab universitetlar kirish imtihonlarini soddalashtirgan, onlayn test yoki ichki imtihon orqali o‘qishga kirish mumkin.

 

Bundan tashqari, O‘zbekistonda ko‘plab xalqaro universitetlar faoliyat yuritadi.

 

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xalqaro universitetlar va o‘qish narxlari:

 

Universitet Mamlakat Yillik narx
Webster University AQSh 48 168 somoniy (59 703 715 so‘m)
Turin Politexnika universiteti Italiya 23 470 – 35 204 somoniy (30 351 026 – 45 525 246 so‘m)
Inha University Janubiy Koreya 48 437 somoniy (62 637 949 so‘m)
Amity University Hindiston 32 291 – 46 130 somoniy (41 758 201 – 59 654 574 so‘m)

 

Nega aynan O‘zbekiston?

 

Xalqaro reytinglar va diplomlarning tan olinishi

 

O‘zbekiston universitetlarining xalqaro akademik reytinglarda tobora kengroq ishtirok etishi ularning jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi. Masalan, O‘zbekiston Milliy Universiteti va Toshkent Irrigatsiya va Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari milliy tadqiqot universiteti QS World University Rankings va THE Impact Rankings ro‘yxatlariga kiritilgan.

 

Avvalroq, O‘zbekistonning 9 ta oliygohi QS Barqaror rivojlanish reytingidan joy olganini xabar bergan edik.

 

Shuningdek, O‘zbekistonning 12 ta OTM “THE Impact Rankings 2025” reytingida Top-1000 talik ro‘yxatga kirganini xabar bergan edik. 

 

O‘zbekistonda olingan diplomlarning Tojikistonda tan olinishi uchun huquqiy asos sifatida 2018 yildan beri amalda bo‘lgan O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ta’lim hujjatlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi hukumatlararo kelishuv xizmat qiladi.

 

Nega tojikistonlik talabalar O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarini tanlamoqda?

 

O‘qish va yashash xarajatlari ham muhim omil hisoblanadi. Ko‘plab talabalar uchun O‘zbekistondagi moliyaviy sharoitlar uzoq xorijiy mamlakatlarga qaraganda qulayroq bo‘lishi mumkin.

 

Shuningdek, sotsiokultural omillar ham katta ahamiyatga ega. Geografik yaqinlik, tarixiy va madaniy bog‘liqlik, shuningdek, akademik muhitda rus tilining keng tarqalganligi, tojik talabalar uchun tez va qulay moslashishga yordam beradi.