Oʻqituvchilar attestatsiya boʻyicha sud uchun yigʻilgan pullarni xayriyaga yoʻnaltirishdi

Oʻqituvchilar attestatsiya boʻyicha sud uchun yigʻilgan pullarni xayriyaga yoʻnaltirishdi

Joriy yilning 30-31-oktabr kunlari ingliz tili oʻqituvchilari uchun attestatsiya test sinovlari boʻlib oʻtgan edi. Ammo, imtihonda qatnashgan pedagoglarning katta qismi attestatsiya natijalaridan norozi boʻlgandi.

 

Hatto, attestatsiya natijalaridan norozi pedagoglar Telegramda alohida guruh ham tashkil qildi. Mazkur guruh juda qisqa vaqtda 19 ming nafardan ortiq ingliz tili oʻqituvchilarini oʻzida jamlagan.

 

Keyinroq imtihonda qatnashgan pedagoglarning katta qismi attestatsiya natijalaridan norozi boʻlib, Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Eʼzoza Karimovaga, keyinroq Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga ham murojaat qilgan.

 

Ingliz tili oʻqituvchilarining murojaatlariga Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi eʼtibor qaratmagach, ingliz tili oʻqituvchilari ham vazirlikni sudga berishga qaror qilgandi.

 

Shundan soʻng, advokatlik xizmati va boshqa xarajatlar uchun oʻqituvchilar koʻngilli ravishda oʻzaro kelishib, pul yigʻa boshlashdi. Bu orqali jami 35 million 180 ming soʻm mablagʻlar yigʻishga erishilgan. (Shu oʻrinda bir oʻqituvchi 14 mln soʻm, yana bir sobiq pedagog esa oʻz choʻntagidan 3 mln soʻm sud xarajatlari uchun mablagʻ ajratdi.)

 

Norozilik koʻlami keng tus olayotganini sezgan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy- amaliy markaziga ingliz tili fani oʻqituvchilarni yuzma-yuz muhokama uchun taklif qildi.

 

Shundan soʻng, ingliz tili oʻqituvchilari nomidan vakil Hasanboy Rasulov, taʼlim masalalari boʻyicha ekspert Komil Jalilov, Taʼlim sifatini taʼminlash agentligi direktori oʻrinbosari Sardor Raximboyev, Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi direktori Dilrabo Davidova hamda bir qancha xorijiy ekspertlar ishtirokida uchrashuv oʻtkazildi.

 

Uchrashuvda vakillarga ingliz tili oʻqituvchilariga attestatsiyada tushgan test topshiriqlari bazasini tahlil qilish imkonini berilib, ular barcha testlarni shaxsan oʻzlari birma-bir tahlil qilib chiqdi.

 

Maʼlum boʻlishicha, ingliz tili oʻqituvchilari attestatsiyasi atrofida yuzaga kelgan noroziliklar asosan test topshiriqlari mazmuni, ularning murakkabligi va baholash mezonlariga oid boʻlgan. Ammo, unda jiddiy xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilmagan, ayrim bahsli savollar esa ingliz tili oʻqituvchilari vakillariga izohi bilan toʻliq tushuntirib berilgan.

 

Shuningdek, tahlil jarayonida notoʻgʻri tuzilgan test savollari aniqlangan boʻlsa va buni Markaz vakillari tan oladigan boʻlsa, ushbu savollar uchun oʻqituvchilarga qoʻshimcha ball qoʻshib berish masalasi ham koʻrib chiqilishi maʼlum qilingan.

 

Vazirlik hamda oʻqituvchilar oʻzaro kelishib olganligi uchun ular vazirlikni sudga bermaslikka, advokatlik xizmati va boshqa xarajatlar uchun yigʻilgan mablagʻlarni xayriya qilib yuborishga qaror qilgan.

 

‘‘Ingliz tili oʻqituvchilari birgalashib, tegishli tashkilotlarni sudga berish uchun advokat xizmatiga summa jamgʻarishga ham ulgurishgan edi. Keyinchalik ingliz tili oʻqituvchilaridan vakil boʻlib, ustoz Komil Jalilov bilan birgalikda tegishli masʼullar bilan bir stol atrofida barcha ingliz tili oʻqituvchilarining noroziliklarini yetkazishga harakat qildik, masʼullardan bir qancha oʻzgarishlar boʻlish vaʼdasini olib, sudga berishga ehtiyoj qolmadi deb hisoblangan edi.

 

Advokat xizmati uchun yigʻilgan summa ega-egalariga qaytarib berildi va qaytarib olishni istamagan ustozlarning umumiy mablagʻlari xayriya uchun yoʻnaltirilishi kelishib olindi. Bugunga qadar jami 35 million 180 ming soʻm mablagʻlar yigʻildi.

 

Ushbu mablagʻlarning asosiy qismi (30 ta odamga) jurnalist Abror Zohidov bilan hamkorlikda muolaja olayotgan va muhtojligi bor bolalarga oʻtkazib berildi. 5 ta holatda esa bevosita murojaat qilgan ingliz tili ustozlarga yordam koʻrsatildi.

 

Shunday qilib, attestatsiyadan norozi boʻlib boshlangan harakat, yakunda yaxshilik bilan yakun topdi. Bahorgi attestatsiyalarda ijobiy oʻzgarishlar kutib qolamiz”, — deydi oʻqituvchilar vakili Hasanboy Rasulov.