Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 3-oktyabrdagi 558-sonli qarori bilan 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilar uchun tasdiqlangan shakllardagi yagona maktab formasini joriy etish talabi rasman
bekor qilingan.
Yangi o‘quv yilidan yagona maktab formasi majburiy bo‘lmaydi.
Xalq ta‘limi Info telegram kanali asoschisi Ulug‘bek Po‘latov mazkur masalaning umumiy
tahlilini qilgan.
Unga ko‘ra, Prezidentning 2017-yildagi taklifiga binoan, 2018-yil 15-avgustda Vazirlar Mahkamasining yagona maktab formasi to‘g‘risidagi 666-sonli qarori qabul qilinib, maktab formasining shakllari
tasdiqlangan. Mazkur qaror bilan esa 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilar maktab formasida kelishlari ixtiyoriy, 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab esa to‘liq joriy etilishi belgilangan.
Keyinchalik, ya’ni 2019-yil may oyida o‘sha davrda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari lavozimida ishlagan Saida Mirziyoyeva maktab formasini majburiy qilishdan ko‘ra maktablarda hal qilinishi kerak muhimroq boshqa muammolarga e’tibor qaratish kerakligini ta’kidlab
o‘tgan.
Shundan so‘ng, 2019-yil 18-iyun kuni Vazirlar Mahkamasining 509-sonli qarori qabul qilinib, yagona maktab formasi 2019-2020 o‘quv yilidan emas, 2024-2025 o‘quv yilidan boshlab joriy
etiladigan bo‘lgan.
2022-yil 19-may kuni esa hukumatning 271-sonli qarori bilan maktab formasi 2024-2025 o‘quv yilidan emas balki, 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab majburiy bo‘lishi haqida qaror
qabul qilingan.
Shundan so‘ng, ota-onalar va keng jamoatchilik tomonidan maktab formasining joriy qilinishi turli xil e’tirozlarga sabab bo‘lganligi sababli Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 3-oktyabrdagi 558-sonli qarori bilan 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilar uchun tasdiqlangan shakllardagi yagona maktab formasini joriy etish talabi rasman
bekor qilingan.
Ya’ni, yagona maktab formasi bosqichma-bosqich joriy etiladi. So‘nggi qabul qilingan qarorda esa yagona maktab formasi joriy etishning aniq muddati belgilanmagan.
Shu sababli, o‘quv yilidan yagona maktab formasi majburiy bo‘lmaydi.
Eslatma! Maktablarda majburiy maktab formasi joriy qilinmagan bo‘lsada, “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari”ga muvofiq o‘quvchilarning ta’lim muassasasi ustavida man etilgan libos va qiyofada, jumladan o‘g‘il bolalar kalta shim, futbolka, shippakda va qiz bolalar kalta, tor va tanani ochiq ko‘rsatuvchi yupqa (harir) kiyimda kelishi hamda bo‘yni va barmoqlariga turli xil taqinchoqlar taqishi taqiqlanadi.
3 808