Texnikumlarning muvaffaqiyatli bitiruvchilarini 2-bosqichdan oliy ta’limga qabul qilishda suhbat qanday bo‘ladi?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 11.01.2022-yildagi 17-son qaroriga muvofiq texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga 2-bosqichdan suhbat asosida o‘qishga qabul qilinadi.

 

Qaror nizomiga ko‘ra, bitiruvchilar har yili 5-iyuldan 25-iyulga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tadi.

Bunda muvaffaqiyatli tamomlaganlar toifasiga texnikumdagi butun o‘qish davrida o‘quv semestrlari yakuniga ko‘ra o‘zlashtirish baholari “5 (a’lo)” va “4 (yaxshi)”, biroq o‘zlashtirish baholarining kamida 50 foizi (tibbiyot oliy ta’lim muassasalari uchun kamida 85 foizi) “5 (a’lo)” bo‘lgan bitiruvchilar kiradi.

 

Texnikum bitiruvchilarini oliy ta’lim muassasalariga ikkinchi bosqichdan qabul qilish jarayonlari qay tartibda amalga oshiriladi?

 

Qabul jarayonlari ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda talabgorlar quyidagi hujjatlarni 5-iyuldan 25-iyulga qadar muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishida tizimga shaxsiy ma’lumotlarini kiritishi va quyidagi hujjatlarni yuklashi talab etiladi:

 

–  pasport yoki ID-karta nusxasi;

–  texnikumni bitirganlik to‘g‘risidagi hujjat va unga ilovaning nusxasi.

 

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan vazirlikning rasmiy veb-sayti orqali bitiruvchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlari muvofiqlashtirilib boriladi.

 

Eslatma! Bitiruvchilar tomonidan topshirilgan hujjatlarning qalbakiligi aniqlanganda, u suhbatdan (talabalikka qabul qilingandan keyin aniqlansa, talabalikdan) chetlashtiriladi hamda hujjatlari belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi.

 

Qabulning ikkinchi bosqichida esa, talabgorlarning tizimga yuklagan hujjatlari o‘rganish natijasida saralanganlar bilan suhbat bo‘lib o‘tadi. Suhbat oliy oliy ta’lim muassasasi rektori (filial direktori) buyrug‘i bilan tuzilgan qabul komissiyasi tomonidan olib boriladi va Oliy ta’lim muassasasi rektori (filial direktori) qabul komissiyasining raisi hisoblanadi. Suhbat jarayoni har yili 10-avgustdan 25-avgustgacha, oliy ta’lim muassasasi tomonidan belgilangan muddatda bo‘lib o‘tadi.

 

Suhbat kommisiyasi tarkibi va faoliyati nizomi qanday?

 

Suhbat komissiyasi 9 nafardan kam bo‘lmagan tarkibda tuziladi va uning tarkibiga kadrlarning asosiy ish beruvchilari bo‘lgan tashkilotlar va oliy ta’lim muassasasi bo‘ysunuvi bo‘yicha vazirliklar va idoralarning mas’ul xodimlari, sohaga taalluqli texnikumning malakali o‘qituvchisi hamda boshqa oliy ta’lim muassasasining tegishli soha bo‘yicha professor-o‘qituvchisi kiritiladi.

 

Shaffoflikni ta’minlash maqsadida ushbu suhbat jarayoni to‘liq videokuzatuv ostida o‘tkaziladi va jarayon ota-onalar, kuzatuvchilar uchun ajratilgan alohida kutish joyiga ovozli tarzda onlayn translatsiya qilib boriladi. Shuningdek ushbu suhbat jarayonlarining videokuzatuvlari kamida uch yil oliy ta’lim muassasasida saqlanadi.

 

Suhbatda bitiruvchilardan qanday savollar so‘raladi?

 

Suhbat jarayonida bitiruvchilarning har biriga quyidagi mavzular bo‘yicha bittadan jami to‘rtta savol beriladi:

–  mamlakatda o‘z sohasiga oid amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati va ahamiyatini tushunish;

–  bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlashda motivatsiya (soha kasbining mohiyati va ijtimoiy ahamiyatini tushunish, unga doimiy qiziqish ko‘rsatish);

–  shaxsiy-kasbiy xususiyatlar (o‘qishga qobiliyat, kasbiy vazifalarni hal qilishda amaliy faoliyat, intizomlilik, hamjihatlik, mas’uliyatlilik, qaror qabul qilishda mustaqillik darajasi, shaxsiy yutuqlar mavjudligi, shuningdek, o‘z ustida ishlash va ijodkorlik qobiliyatlari);

–  tanlangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi sohasidagi bilim va kasbiy ko‘nikmalarning mavjudligi.

 

Suhbatdan keyingi jarayonlar qanday?

 

Jami to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ball 100 ballni tashkil etadi. Subatni amalga oshirish bo‘yicha baholash mezonlari tegishli oliy ta’lim muassasasi tomonidan ishlab chiqilib, tasdiqlanadi hamda  rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi. Suhbat komissiyasi a’zolari tomonidan suhbat natijalarini qayd etish varag‘iga har bir bitiruvchi bilan o‘tkazilgan suhbat natijasiga ko‘ra ball belgilab, imzolanadi.

 

Suhbat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan suhbatning yakuniy natijalarini qayd etish varag‘iga asosan Suhbat komissiyasining ishtirok etgan a’zolari tomonidan qo‘yilgan ballarning o‘rtachasi 67 ball va undan yuqori bo‘lganda abituriyent suhbatdan o‘tgan hisoblanadi.

 

Muayyan ta’lim yo‘nalishi (guruh) bo‘yicha o‘tkazilgan suhbat natijalariga ko‘ra suhbatdan o‘tganlar ro‘yxati shu kunning o‘zida abituriyentlarga o‘qib eshittiriladi.

 

Muhim! Oliy ta’lim muassasasida suhbatlar o‘tkazilishi davrida belgilangan tartibda apellatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish uchun apellatsiya komissiyasi tashkil etiladi.

Apellatsiya shikoyatlari suhbat natijalari e’lon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat ichida oliy ta’lim muassasasida to‘g‘ridan to‘g‘ri yozma shaklda yoki Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali onlayn shaklda qabul qilinadi va appelatsiya komissiyasi tomonidan murojaat qilganlarning sonidan kelib chiqqan holda bir kundan uch kungacha bo‘lgan muddatda videoyozuv asosida ko‘rib chiqiladi.

 

Suhbat natijalariga ko‘ra talabalikka tavsiya etilganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar natijalar e’lon qilingan kundan boshlab uch kun muddatda oliy ta’lim muassasasi rektori (filial direktori) tomonidan bo‘ysunuvi bo‘yicha vazirlik, idoraga taqdim etiladi. Shuningdek, Suhbat komissiyasining suhbat natijalarini qayd etish hamda suhbatning yakuniy natijalarini qayd etish varaqlari uch yil oliy ta’lim muassasasida saqlanadi.

 

Talabalikka tavsiya etilganlarning umumiy ro‘yxati suhbat jarayoni to‘liq yakunlangandan so‘ng bir kun muddatda oliy ta’lim muassasasining veb-saytida e’lon qilinadi va ular to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettiradi. Qabul qilingan kundan boshlab ularga belgilangan namunadagi to‘lov-kontrakt blankalari oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan beriladi.

 

Talabalikka tavsiya etilganlar uchun to‘lov har yili kontrakt shartlarida ko‘rsatilgan muddatlarda amalga oshiriladi.

Add a Comment

Your email address will not be published.

Mavzuga oid​

Telegram kanalga a’zo bo’lgan holda yangiliklar to'g'ridan-to'g'ri xabardor bo’ling!

Hamkorlarimiz

По теме

Станьте участником Telegram-канала и будьте в курсе новостей напрямую!

Наши партнеры