Asosiy olimpiadaning uchinchi – hududiy bosqichi 1-guruh fanlari boʻyicha reja-grafik asosida 24-29-noyabr kunlari oʻtkaziladi.
Olimpiada anʼanaviy tarzda 1-guruh (matematika, fizika, kimyo va biologiya) fanlaridan oʻzbek va rus tillarida boʻlib oʻtadi.
Sinovlar 2 turda: yozma va test shaklda tashkil etiladi.
Yozma ish – 5 ta topshiriqdan iborat boʻlib, 180 daqiqa vaqt ajratiladi.
2-turda ochiq va yopiq shaklda 30 ta test topshiriqlari uchun 90 daqiqa vaqt beriladi.
Informatika fani 1 turda oʻtkazilib, ishtirokchilarga turli qiyinlik darajasidagi 5 ta masala taqdim etiladi. Uni onlayn platformada yechish uchun 240 daqiqa vaqt ajratiladi.
Kimyo fani ishtirokchilari oʻzlari bilan Mendeleyev davriy jadvalini, kimyo va fizika fani ishtirokchilari esa kalkulyator olib kirishlari mumkin.
Matematika fani ishtirokchilariga qalam, chizgʻich, oʻchirgʻich va sirkul olib kirishlariga ruxsat beriladi.
Ishtirokchilar olimpiadaga shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki ID karta), maktabning maxsus maʼlumotnomasi va ruchka bilan kelishlari lozim.
