O‘qituvchi menejerlik sertifikatiga ega bo‘lsa, unga qo‘shimcha 50% ustama to‘lanadimi?

O‘qituvchi menejerlik sertifikatiga ega bo‘lsa, unga qo‘shimcha 50% ustama to‘lanadimi?

Savol: Yaqinda maktab direktorlari uchun mo‘ljallangan menejerlik kursida o‘qib, sertifikat olgandim. Sertifikatni “zavuch”ga ko‘rsatib, qo‘shimcha ustama yozib bering desam, bu ustama siz uchun emas, deyapti. Axir men 1 oy o‘qib, sertifikatni qo‘lga kiritdim-ku, “zavuch”ning bu harakatlari qonuniymi?

 

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi 681-son qarori bilan maktab direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan.

 

Nizomga ko‘ra, maktab direktori lavozimiga nomzodlar kamida bakalavr darajasiga hamda maktab direktorları uchun belgilangan malaka talablariga javob bergan taqdirda A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida tashkil etiladigan menejerlik kursida o‘qishi mumkin.

 

Bunda, menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan nomzodlarga maktab direktori lavozimi uchun tanlovda ishtirok etish huquqi beriladi.

 

Aytaylik, ta’lim muassasasida faoliyat yuritib kelayotgan o‘qituvchi menejerlik sertifikatini qo‘lga kiritdi, bunda u faqatgina maktab direktori lavozimi uchun tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi, ammo qo‘shimcha ustama ololmaydi.

 

Chunki, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi 681-son qarorining 2-b bandida faqatgina menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan rahbar xodimlarga (maktab direktorlariga 50 foiz, direktor o‘rinbosarlariga 30 foiz) qo‘shimcha ustama to‘lab berilishi nazarda tutilgan.

 

Ya’ni, menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar maktab direktorligiga o‘tkazilgan tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tib, maktab direktori sifatida ish faoliyatini boshlaganidan keyin ish haqiga 50 foiz ustama to‘lash boshlanadi.

 

Xulosa shuki, menejerlik sertifikatiga ega bo‘lgan o‘qituvchilarga mazkur ustamalar to‘lab berilmaydi.