Savol: Maktabda laborant boʻlib ishlayman, yaqinda dekret taʼtiliga chiqdim. Ishxonam menga dekret pullarimni 75% hisoblab toʻlab berdi. Voyaga yetmagan 3 nafar farzandim bor, 4- farzandim uchun dekretga chiqqandim. Aslida, farzandlarim soni inobatga olinib, 100% toʻlanishi kerak emasmi? Farzandlarimning hujjatini ham topshirganman.
Mehnat kodeksining 404-moddasiga koʻra, ayollarga tugʻuruqqacha 70 kalendar kun, tugʻuruqdan keyin esa 56 kalendar kun (tugʻish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tugʻilganda 70 kun) homiladorlik va tugʻish taʼtili beriladi. Shuningdek, oʻrtacha oylik ish haqining 75 foizidan kam boʻlmagan miqdorda nafaqa toʻlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 314-sonli qarori 1-ilovasi — “Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqa tayinlash va toʻlash tartibi” nizomining 22-bandiga koʻra:
Qaramogʻida 16 yoshga yetmagan 3 yoki undan ortiq bolalari boʻlgan xodimlarga vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi (bolnichniy) ish stajidan qatʼi nazar oʻrtacha oylik ish haqining 100% miqdorida toʻlanadi.
Demak, 3 yoki undan ortiq bolali xodimlarga 100 foiz toʻlanadigan pul — bolnichnoy puli. U dekret puli emas.
Dekret pulining 75 yoki 100% boʻlishi bolalar soniga bogʻliq emas, u xodimning shu ishxonadagi ish stajiga bogʻliq.
Nizomning 35-bandiga koʻra, homiladorlik va tugʻish boʻyicha toʻlanadigan nafaqa ishga qabul qilingan kundan 12 oygacha ish staji boʻlsa — 75 foiz, staj 12 oydan ortiq boʻlsa – 100 foiz toʻlanadi.
Bunda umumiy ish staji emas, aynan oxirgi ishxonadagi staj hisobga olinadi.
