Navoiy viloyatida sport maktabi direktori va bosh hisobchisi pora olayotganda qo‘lga olindi

Navoiy viloyatida sport maktabi direktori va bosh hisobchisi pora olayotganda qo‘lga olindi

Navoiy viloyatidagi tumanlardan biridagi bolalar va oʻsmirlar sport maktabi direktori hamda bosh hisobchisi oʻzaro til biriktirib, maktab murabbiyiga ajratilishi lozim boʻlgan xizmat safari pulidan ‘‘ulush’’ olishni rejalashtirganliklari aniqlangan.

 

Ma’lum bo‘lishicha, ular joriy yilning mart va may oylarida para yengil atletika sport turi boʻyicha murabbiy 8 nafar sportchi bilan Toshkent viloyatida oʻtkazilgan musobaqada ishtirok etganligi uchun toʻlanishi kerak boʻlgan jami 40 million 722 ming soʻm miqdoridagi xizmat safari pullarini toʻlab berish evaziga ushbu summadan 40 foizini, yaʼni 16 million soʻmdan ortiqroq qismini berishini talab qilishgan.

 

Shundan so‘ng, bosh hisobchi murabbiyning bank plastik kartasiga xizmat safari puli hisobidan 10 million soʻm oʻtkazib bergan va shundan 3 million soʻmini pora sifatida olayotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlab olingan.

 

Hozirda holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Avvalroq, Jizzaxda maktab rahbari oʻqituvchidan pora olayotganida qo‘lga olinganligi haqida xabar bergan edik.