Savol: Assalomu alaykum. Pensiyadagi pedagoglarga qancha soat dars berishga majburmiz? Oldindan rahmat.
Mehnat kodeksining 4-moddasiga ko‘ra, har kim mehnat huquqlarini amalga oshirish va himoya qilishda teng imkoniyatlarga ega.
Mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitish taqiqlanadi. Jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, qarindoshlarida sudlanganlikning mavjudligi, mulkiy holati va mansab mavqeyi, yashash joyi, dinga bo‘lgan munosabati, e’tiqodi, jamoat birlashmalariga mansubligi, shuningdek xodimlarning ishchanlik sifatlari va mehnati natijalari bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa jihatlariga qarab mehnat va mashg‘ulotlar sohasida biror-bir to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita cheklovlar belgilash, xuddi shuningdek biror-bir to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita imtiyozlar berish kamsitishdir.
Pensioner o‘qituvchiga dars soatlarini berishda qandaydir cheklovlar yo‘q. Pensioner ham maksimal dars soati olishi mumkin.
“Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida” nizom (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 30-iyunda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3271) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-dekabrdagi PQ-4555-son “O‘zbekiston Respublikasining “2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda o‘qituvchilarning tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibini belgilaydi.
Umumta’lim muassasalari tomonidan shakllantirilgan dars soatlari setkasi umumta’lim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, har yili 15-sentabrga qadar o‘qituvchilarga dars soatlari nizomning 15-bandidagi ko‘rsatkichlarning ustuvor ketma-ketligi asosida taqsimlanadi.
Nizomning 15-bandidagi ko‘rsatkichlarning ketma-ketlik asosida ustunlikka ega bo‘lgan o‘qituvchilarga dars soatlarining maksimal miqdorlari belgilanishi tavsiya etiladi.
Bundan tashqari, nizomning 19-bandiga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish ta’tili hamda bola parvarishidan qaytgan o‘qituvchilarga, shuningdek, ishlovchi pensionerlarga dars soatlari mehnat qonunchiligiga asosan mazkur nizomning 15-bandida belgilangan ko‘rsatkichlar ustuvor ketma-ketligi asosida taqsimlanadi.
Ya’ni agar pensioner o’qituvchi ham nizomning 15-bandidagi ko‘rsatkichlarning ketma-ketlik asosida ustunlikka ega bo’lsa, maksimal miqdorda ya’ni 30 soatgacha dars olishi mumkin.
