Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati viloyatdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasini e’lon qildi. Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda Samarqand viloyatida 759 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘lib, ularda umumiy 107 114 nafar bolalar tarbiyalanuvchi bor.
Viloyat hokimligi ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida viloyatdagi bir qancha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi ayrim mas’ul shaxslarning ish faoliyatida ko‘plab qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yish holatlari aniqlangan.
Jumladan, Oqdaryo tumani Turon mahallasida joylashgan 1-sonli bolalar bog‘chasi hech qanday hujjatsiz faoliyat olib borayotganligi aniqlangan. Shuningdek, ushbu tashkilot 60 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, tushlikda me’yorda belgilangandan kam go‘sht mahsuloti ishlatilgan, oshpaz esa hech qanday menyuning yo‘qligi sababli, tahminiy ovqat tayyorlab kelgan. Bundan tashqari tashkilotda elektr energiyasining yo‘qligi sababli go‘sht va sut mahsulotlari 10 kun davomida aholi xonadonlarida saqlangan. Mavjud dori vositalarining yaroqlilik muddati esa o‘tib ketgan holatda bo‘lgan.
Bulung‘ur tumani Mingchinor mahallasidagi 23-bolalar bog‘chasida esa idish-tovoqlarning 30 foizi yaroqsiz bo‘lsada foydalanib kelingan. Bundan tashqari, 140 nafar bolaga ajratilgan 16 kg go‘sht mahsulotining o‘rniga uning teng yarmi ishlatilgan, bolalarga saqlanish muddati o‘tgan tvorog mahsuloti berilganligi aniqlangan.
Shuningdek, Samarqand shahri, Jomboy, Kattaqo‘rg‘on va Samarqand tumanlaridagi bolalar bog‘chalarida ham bir qancha qonunbuzarliklar – mahsulotlarning sanitariya qoidalariga zid holatda saqlanganligi, ularning me’yoriy o‘lchovdan kamligi va tozalikka rioya qilinmaslik kabi holatlar aniqlangan. Bundan tashqari ayrim tashkilotlar hech qanday xat-hujjatsiz faoliyat yuritgan, hamda rahbarlari kirim-chiqim hisobotlarini o‘zlari xohlagandek yuritish holatlari ma’lum bo‘lgan.