Dunyo bo‘yicha har beshinchi maktab o‘quvchisi ortiqcha vaznga ega

Dunyo bo‘yicha har beshinchi maktab o‘quvchisi ortiqcha vaznga ega

16-oktyabr — Jahon oziq-ovqat kuni munosabati bilan BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) joriy yildagi hisobotini e’lon qildi. Unda dunyoda ochlik muammosi bilan bir qatorda ortiqcha ovqat iste’moli va semizlik darajasi ham keskin oshib borayotgani ta’kidlandi.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda 670 million kishi ochlikka duch kelgan bo‘lsa, ayni paytda 391 million maktab yoshidagi bola ortiqcha vaznga, shundan 188 million nafari semizlikning og‘ir shakliga ega ekani qayd etilgan. Bu esa har besh o‘quvchidan biri ortiqcha vaznga, har o‘ndan biri esa semizlikka chalinganini anglatadi.

 

FAO tahlillarida bu holat ayniqsa Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Shimoliy Amerika mamlakatlarida keskin namoyon bo‘layotgani bildirilgan. Ayrim davlatlarda, jumladan, Chilida bolalarning 58 foizi, Janubiy Tinch okeani orollarida esa 50 foizdan ortig‘i ortiqcha vazn muammosiga duch kelgan.

 

Mutaxassislar fikricha, noto‘g‘ri ovqatlanish, kam harakatlilik va tez tayyor ovqatlarga qaramlik bolalar sog‘lig‘iga jiddiy xavf solmoqda. Shu bois sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, muvozanatli ovqatlanish va sportni targ‘ib etish global miqyosda dolzarb masalaga aylanmoqda.