Savol: O‘quvchisi Prezident maktabiga qabul qilingan boshlang‘ich sinf o‘qituvchisiga mukofot puli berilishidan xabarim bor. Agar bir o‘qituvchining ikki nafar o‘quvchisi bir vaqtda Prezident maktabi o‘qishga kirsa, u har bir o‘quvchisi uchun rag‘batlantiriladimi?
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-sonli qarori 1-ilovasi bilan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan.
Mazkur nizomning 32-bandida Prezident maktablariga tanlov asosida qabul qilingan har bir o‘quvchi uchun tegishli umumta’lim muassasasining mos (tanlov, musobaqa, imtihon fanlari) fan o‘qituvchisi jamg‘arma mablag‘lari hisobidan bazaviy ta’rif stavkasining ikki baravari miqdorida bir yo‘la mukofot puli to‘lash yo‘li bilan rag‘batlantirilishi belgilangan.
Demak, agar bir o‘qituvchining ikki yoki undan ortiq o‘quvchisi Prezident maktabiga qabul qilinsa, u har bir o‘quvchi uchun alohida bazaviy tarif stavkasining ikki baravari miqdorida bir marotabalik mukofot puli to‘lab beriladi.
