O‘qish uchun hech qachon kech emas: har qanday yoshda o‘rganish mumkin bo‘lgan 10 ta kasb

O‘qish uchun hech qachon kech emas: har qanday yoshda o‘rganish mumkin bo‘lgan 10 ta kasb

Ko‘p va barqaror daromad topishni hamma istaydi. Internet esa bugun yoshlarga ham, uzoq yillar bir sohada ishlagan odamlarga ham o‘qish va pul topishning turli yo‘llarini taqdim etdi. “Finansy Mail” tahririyati noldan o‘rganish mumkin bo‘lgan kasblarni va ular istiqbolda qanday daromad keltirishi mumkinligini aniqladi.

 

Asrlar davomida kasblar otadan bolaga o‘tib kelgan. Temirchi, charmchi, tikuvchi sulolalari qadimdan mavjud bo‘lgan. Keyinchalik, XX asrda esa farzandlar ota-onaning kasbini takrorlamaydigan holatlar paydo bo‘ldi. Bunga yangi mutaxassislik va kasblarning paydo bo‘lishi sabab bo‘ldi: aravakashlar tarix sahnasidan chiqdi, ularning o‘rnini haydovchilar va elektr poyezd mashinistlari egalladi.

 

Avvalroq tibbiyot universitetini bitirib, boshqa sohada ishlash mumkin emas edi. Taqsimot tizimi mavjud bo‘lgan — har bir bitiruvchi o‘qishni tugatgach, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha “hayot yo‘llanmasi” olgan. Masalan, tog‘-kon institutini bitirgan yosh mutaxassisni o‘z yurtidan minglab kilometr uzoqda joylashgan korxonaga yuborishlari mumkin edi va u u yerda bir necha yil ishlashga majbur bo‘lgan.

 

Yangi imkoniyatlar

 

Bugungi kunda kasbga yondashuv butunlay o‘zgardi. Internetning paydo bo‘lishi turli ta’lim shakllarini ommaga ochdi. Natijada, kasbni o‘zgartirish yoki mavjud yo‘nalishni yangi ko‘nikmalar bilan to‘ldirish ancha osonlashdi.

 

Moliyaviy farovonlik masalasi ham ko‘plab odamlar uchun kasbni almashtirishga turtki bo‘layapti. Ilgari, masalan, hamshira butun umrini shu kasbda o‘tkazgan bo‘lsa, hozir u kosmetologiya yo‘nalishida o‘qishni davom ettirib, yangi sohada ishlashi mumkin. Bu esa daromadni oshirish va moliyaviy barqarorlikka tezroq erishish imkonini beradi.

 

Ammo savol tug‘iladi: uzoq yillar o‘qigandan keyin kasbni qulay tarzda qanday o‘zgartirish mumkin? Va darhol ko‘proq pul topish imkoni bormi?

 

Birinchi savolga javob — ha. Ikkinchisiga esa — yo‘q. Tajribasiz holda, ishni endi boshlagan paytda, darhol katta daromad olish amri mahol. Buni oldindan tan olib, bunga tayyor bo‘lish kerak. Quyida kasbni almashtirishning bir necha misollarini ko‘rib chiqamiz.

 

Bugungi kunda, ayniqsa zamonaviy texnologiyalar tufayli, kasb o‘zgartirish ancha osonlashdi. Istasangiz, ikkinchi oliy ta’lim dasturiga yoziling, istasangiz — oflayn yoki onlayn kurslarni toping. Eng muhimi — sizga bu o‘zgarish haqiqatan kerakligini anglash.

 

Haqiqiy hayotdan misollar

 

 

Menda bir tanishim bor edi — u bolaligidan bankda ishlashni orzu qilgan. Bu orzuni amalga oshirish uchun u maktabdayoq iqtisod fanini chuqur o‘rgangan, bank ishi haqidagi ko‘plab kitoblarni o‘qigan. Ota-onasi bu yo‘nalishni nufuzli deb bilishgan va uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlagan, hatto oliygohda pullik o‘qish uchun pul ham tayyorlab qo‘yishgan.

 

Natijada, tanishim yaxshi universitetga kirib, besh yil o‘qidi va yirik bankda ish topdi. Go‘yo orzusi ro‘yobga chiqdi. Ammo orzular va haqiqat mos kelmadi: u ishidan mamnun emas edi, bir necha marta ish joyini o‘zgartirdi, muammo kasbda emas, balki kompaniyada deb o‘yladi. Biroq martabasi o‘sgan sari, bu soha aslida uning ruhi uchun emasligini tobora chuqurroq his qildi.

 

35 yoshida u kasbni o‘zgartirish haqida o‘ylay boshladi, ammo bu fikr uni qo‘rqitdi — noldan boshlash oson emas. Oila, ipoteka bor. Bankdagi maoshi uncha katta bo‘lmasa ham, barqaror edi. Ammo bu ish unga quvonch bermas, faqat stress keltirar edi.

 

Yana bir tanishim 26 yoshida kasbini o‘zgartirishga qaror qildi. U dastlab IT mutaxassis bo‘lib o‘qigan, barqaror va yaxshi maoshli hayot kutgan. Ish boshida oson kechgan, jamoa bilan ham til topishgan, ammo baribir o‘zini bu sohada ko‘ra olmagan.

 

Kasbni o‘zgartirish zarurligini qanday tushunish mumkin?

 

 

O‘zingizga quyidagi savollarni bering va ularga halol javob bering:

 

– Siz tez-tez ishdan ketishni o‘ylaysizmi?

 

– Ish sizga qiziq tuyuladimi, yangi loyihalarda ishtirok etish va yangi bilim olish sizni ilhomlantiradimi?

 

– Sizda charchoq, bosh og‘rig‘i yoki ruhiy siqilish bormi? (Ko‘pincha, o‘z ishingizni yoqtirmasangiz, organizm shu tarzda signal beradi.)

 

– Dushanba kuni ishga borish fikri sizni xafa qiladimi?

 

– Ishdan keyin boshqa narsalarga vaqt va kuch qoladimi?

 

Agar ko‘pchilik savollarga “ha” deb javob bersangiz, demak, o‘zgarish haqida o‘ylash vaqti keldi. Mening tanishlarim ham xuddi shunday qarorga kelishgan.

 

Keyingi bosqich — yo‘nalishni aniqlash

 

 

Kasbni o‘zgartirish kerakligini tushunishning o‘zi yetarli emas. Endi sizga haqiqatan nima yoqishini aniqlash kerak.

 

Masalan, yuqorida tilga olingan IT-mutaxassis ayol bolaligida buvisi bilan birga yubka tikkan paytlardagi quvonchini esladi. U avval rasm kurslariga, keyin esa tikuvchilik kurslariga qatnadi. Dastlab atelyeda oddiy yordamchi sifatida ishladi, tajriba orttirdi. Avvaliga maoshi past edi, ammo vaqt o‘tgan sayin buyurtmalar murakkablashdi, ish haqi esa oshdi.

 

Bankir tanishim esa bir nechta kasbiy yo‘nalish testlarini topshirdi, o‘z moyilligini aniqladi. Eng muhim narsa — u endi ko‘p yillar o‘qishni istamasdi. Shu bois HR (inson resurslari) sohasini tanladi. Bankda ishlagan yillar davomida u odamlarni yaxshi tushunishni o‘rganib ulgurgan edi. Natijada, qayta tayyorlash kursini yarim yilda tamomladi.

 

Bozorda kimlar kerak?

 

 

Endi esa, haqiqatan qaysi kasblarga talab yuqori — shuni aniqlaymiz. Bugun hamma joyda kuryerlar va dasturchilar kerakligi aytiladi (hatto ayrim manbalarga ko‘ra, tez orada ularning maoshlari bir-biriga yaqinlashadi).

 

Ammo bu ro‘yxat kengroq.

 

– HR-menejer — har bir kompaniya, davlat idorasi yoki ta’lim muassasasida xodimlarni tanlov bo‘limi mavjud. O‘qish muddati 6 oydan 1 yilgacha. Yosh muhim emas.

 

– Go‘zallik sohasi — parikmaxerlik yoki manikyur asoslarini o‘rganish uchun atigi bir necha oy kifoya.

 

– Kopirayter — matn yozishni yoqtiradiganlar uchun ajoyib yo‘nalish. Asosiysi, aniq, tushunarli va qiziqarli yozish hamda tanlangan mavzuni chuqur bilish.

 

– Videomontaj ustasi — 2–3 oyda o‘rganish mumkin. Asosiysi, sifatli videolar yaratish va texnik vositalarni yaxshi bilish.

 

– Fotograf — bu kasbda amaliyot juda muhim. Bugun u juda talabgir: bolalar bog‘chalari, maktab bitiruvlari, to‘ylar, tadbirlar — har yerda fotograf kerak.

 

– Kosmetolog — tibbiyot asoslari bo‘lganlar uchun mos. Bu sohada dermatologiya, fizioterapiya va asab tizimi haqida bilim kerak.

 

– Konditer — agar siz pazandalikni yoqtirsangiz, bu sohani kurslar yoki master-klasslar orqali o‘rganishingiz mumkin.

 

– IT sohasi — bugungi kunda eng ommabop yo‘nalishlardan biri. Masalan, testlovchi (QA) — mahsulotdagi xatoliklarni topuvchi mutaxassis. Bunday kasbni texnik ham, gumanitar yo‘nalishdagi odam ham o‘rganishi mumkin. O‘qish muddati — 6 oy atrofida.

 

– Frontend dasturchi — veb-interfeyslar yaratish bilan shug‘ullanadi. O‘qish kamida 1 yil davom etadi, dasturlashni puxta o‘rganish talab qilinadi.

 

– Targetolog — ijtimoiy tarmoqlarda reklama kampaniyalarini sozlaydi. Bu sohani bir necha oyda o‘rganish mumkin.

– SMM-mutaxassis — ijtimoiy tarmoqlarda kompaniya akkauntlarini yuritadi, kontent tayyorlaydi, reklama strategiyalarini ishlab chiqadi. O‘qish muddati — 6 oycha.

Bunday kasblar juda ko‘p — bolalikdan tanishlaridan tortib, zamonaviy yangi sohalargacha. Muhimi, sizga haqiqatan mosini tanlash. O‘zingiz yoqtirgan ishda nafaqat mamnuniyat, balki barqaror daromad ham topasiz.

 

Ushbu maqola faqat axborot (tanishuv) maqsadida taqdim etilgan bo‘lib, individual investitsiya tavsiyasi hisoblanmaydi.