DAAD (Deutscher Akademischer Austauschdienst) tashkiloti bakalavriat va magistratura talabalariga Germaniyada to‘liq moliyalashtirilgan yozgi nemis tili kurslarida qatnashish imkoniyatini taqdim etadi.
Ushbu dastur ishtirokchilarning nemis tili va mintaqaviy fanlar bo‘yicha bilimlarini chuqurlashtirishga qaratilgan bo‘lib, kurslar faqat nemis tilida olib boriladi. Darslar kamida 18 o‘quv kunini (haftasiga 5 kungacha) o‘z ichiga oladi va haftasiga kamida 25 o‘quv soatidan iborat bo‘ladi.
Dastur 2026-yilning iyun–sentyabr oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Batafsil ma’lumotni ushbu havola orqali olish mumkin.
Maqbullik shartlari
Dasturda istalgan yo‘nalishdagi bakalavriat va magistratura talabalari qatnashishlari mumkin.
Talablar quyidagicha:
Bakalavr talabalari dastur boshlanguniga qadar kamida ikki o‘quv yilini yakunlagan bo‘lishi kerak;
Nomzod kamida 18 yoshda bo‘lishi shart;
Nemis tilini kamida A2 darajada bilish zarur (ma’ruzalar va jamoaviy topshiriqlarda qatnasha olish darajasida);
Til bilish sertifikatlari muddati 1 yildan oshmagan bo‘lishi kerak.
Quyidagi sertifikatlar qabul qilinadi:
– onSET-Deutsch
– TestDaF
– Goethe-Zertifikat
– DSD
– DSH
– telc Deutsch
– ÖSD-Zertifikat
– Baccalaureate (faqat maxsus til kurslari uchun).
Saralash jarayonida nomzodlarning ilgari erishgan ilmiy yutuqlari, o‘quv maqsadlari hamda kelajakdagi loyihalari inobatga olinadi.
Foydali tomonlari
Dastur ishtirokchilari uchun barcha xarajatlar to‘liq qoplanadi:
– kurslar bepul;
– 1 192 yevro miqdorida bir martalik stipendiya (eng kam rivojlangan davlatlar fuqarolari uchun — 1 367 yevro);
– sayohat xarajatlari uchun 1 275 yevro ajratiladi (O‘zbekiston fuqarolari uchun, aniq miqdor 2026-yilda e’lon qilinadi);
– sog‘liqni saqlash, baxtsiz hodisalar va shaxsiy javobgarlik sug‘urtasi to‘liq qoplanadi.
Eslatma: Grant muddati uzaytirilmaydi. Kurs to‘lovi va turar joy xarajatlari, odatda, kursni tashkil etuvchi ta’lim muassasasi tomonidan stipendiya summasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ushlab qolinadi. Shu bois, stipendiyaning aniq miqdori kurs tashkilotchisi tomonidan belgilanadi.
Hujjat topshirish tartibi:
1. DAAD portalida ro‘yxatdan o‘tish (havola orqali);
2. Til kursini taklif etuvchi tashkilot va kursni tanlash (havola orqali);
3. DAAD portalida onlayn hujjat topshirish.
Talab qilinadigan hujjatlar:
– onlayn ariza shakli;
– nemis tilida tuzilgan jadval shaklidagi CV;
– motivatsion xat (nemis tilida);
– oxirgi ikki yil uchun akademik transkriptlar va individual baholar (nemis yoki ingliz tiliga tarjimasi bilan);
– bakalavr talabalari uchun: umumiy o‘rta ta’lim guvohnomasi (baholari bilan, tarjimasi qo‘shilgan holda);
– magistratura talabalari uchun: bakalavr diplomi va transkripti (tarjima bilan);
– til bilish sertifikati (nemis yoki ingliz tiliga tarjimasi bilan);
– zaruratga ko‘ra: amaliyot o‘taganlik yoki ish joyidan berilgan tasdiqlovchi hujjatlar.
Muhim: barcha fayllar PDF formatida yuklanishi lozim. DAAD portalidan ro‘yxatdan o‘tish, hujjat topshirish va texnik ko‘rsatmalar bilan tanishish uchun tegishli havoladan foydalanish mumkin.
Ariza topshirishning so‘nggi muddati: 2025-yil 31-oktyabrga qadar.
