“Toshkentda yarim yilda birorta ham maktab qurilmadi” — Toshkent shahar MMTB izoh berdi

“Toshkentda yarim yilda birorta ham maktab qurilmadi” —  Toshkent shahar MMTB izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida yarim yil davomida birorta ham maktab foydalanishga topshirilmagani haqida xabarlar tarqaldi.

 

 

Bu masalaga Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.

 

 

Unga ko‘ra, 2024-yil davomida Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi, shuningdek, hukumat qarorlari doirasida 28 ta ta’lim muassasasida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilgan.

 

Jumladan, 2 ta yangi maktab qurildi, 21 ta maktabda qo‘shimcha bino barpo etildi (rekonstruktsiya), 5 ta maktab esa kapital ta’mirdan chiqarildi. Ushbu ishlar natijasida 17 900 nafar o‘quvchi uchun yangi o‘rinlar yaratildi.

 

 

2025-yilda ham ushbu dastur asosida ishlar davom ettirilmoqda. Xususan, Yashnobod tumanidagi “Bog‘bon” MFY hududida 1650 o‘rinli yangi maktab qurilmoqda.

 

 

Bundan tashqari, 12 ta maktabda qo‘shimcha bino qurish ishlari olib borilmoqda, 7 ta maktab esa mukammal ta’mirlanmoqda. Joriy yilda amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari natijasida jami 11 490 o‘quvchi o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.