Jorj Vashington universiteti qoshidagi Yevropa, Rossiya va Yevroosiyo tadqiqotlari instituti (IERES) tarkibida faoliyat yurituvchi Markaziy Osiyo dasturi (CAP) Komil Allamjonovning maxsus maslahatchi sifatida tayinlanganini ma’lum qildi.
Universitet prezidenti Eller Granberg Allamjonovni yangi lavozim bilan shaxsan qutladi. Shu bilan birga, u Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning maslahatchisi sifatida ham o‘z faoliyatini davom ettiradi.
CAP rahbari Sebastyan Peyruzning ta’kidlashicha, ushbu tayinlov O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyoda ro‘y berayotgan jarayonlarni xalqaro jamoatchilikka yetkazishda hamda ularni chuqurroq tahlil qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Unga ko‘ra, bu qaror dastur maqsad qilganidek, ilmiy hamjamiyat bilan amaliyotchi mutaxassislar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va mintaqadagi islohotlarga xolisona yondashuvni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Peyruz, shuningdek, Allamjonovning o‘zbek madaniyatini dunyoga tanitish, ommaviy axborot vositalarida faoliyat olib borish hamda O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligi va ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan tashabbuslarda ishtirokini alohida qayd etdi.
Ma’lumot uchun, CAP Elliott maktabi qoshidagi IERES doirasida ishlaydi va zamonaviy Markaziy Osiyo masalalarini tadqiq qilish, siyosatchilar hamda ekspertlarni birlashtiruvchi platforma bo‘lishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. U siyosiy, akademik, diplomatik va biznes doiralarda ochiq muloqot maydonini yaratadi.
Dastur qamrab oladigan hududlar: Markaziy Osiyodagi besh davlat – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston, shuningdek Afg‘oniston, Ozarbayjon, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni hamda Mo‘g‘uliston. Tadqiqotlar siyosatshunoslik, sotsiologiya, antropologiya, iqtisodiyot, tarix, globalizatsiya va xavfsizlik masalalarini o‘z ichiga oladi.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston uchun ilm-fan, diplomatiya va iqtisodiyot sohalarida yangi imkoniyatlar yaratadi. U xalqaro tadqiqotlar va tajribalardan foydalanish orqali mamlakatdagi siyosiy-iqtisodiy jarayonlarni rivojlantirishga xizmat qiladi, shuningdek O‘zbekistonning AQSh, Yevropa, Rossiya va qo‘shni davlatlar bilan muloqotini kuchaytiradi.
CAP faoliyati xavfsizlik va strategik tadqiqotlarda yangicha yondashuvlarni shakllantirishga, turli nuqtayi nazarlarni muhokama qilish orqali mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlashga yordam beradi.
Shuningdek, dastur yosh o‘zbek tadqiqotchilari va diplomatlariga xalqaro standartlarda bilim olish, malaka oshirish hamda kasbiy rivojlanish uchun keng imkoniyatlar taqdim etadi.
