Sinfda ‘‘guruh muhokamasi’’ metodini qanday o‘tkazgan ma’qul?

Sinfda ‘‘guruh muhokamasi’’ metodini qanday o‘tkazgan ma’qul?

Bu o‘qitish usullarida o‘qituvchilar butun sinfni kichik guruhlarga ajratib, ularga muhokama uchun mavzu beradilar, bu orqali o‘quvchilar qisqa vaqt ichida mavzu bo‘yicha fikrlarni yoki muammoning yechimlarini ishlab chiqishlari kerak bo’ladi.

 

 

Ushbu metod muhokama va o‘quvchilar o’rtasida fikr almashish qobiliyatini rivojlantiradi.

 

Uni o‘tkazish tartibi quyidagicha:

 

Mashg‘ulotgacha tayyorgarlik

 

Metoddan samarali foydalanish uchun avvalo muhokama qilinadigan mavzu aniq belgilanadi. Bu mavzu ochiq, turli fikrlar bildirishga undaydigan bo‘lishi lozim.

 

 

Muhokamani faollashtiruvchi savol shakllantiriladi — bu savol o‘quvchilarda mustaqil fikr yuritish, o‘z pozitsiyasini ifodalash va boshqa qarashlarni qabul qilishga moyillik uyg‘otishi kerak.

 

 

Savol qanday shaklda taqdim etilishi rejalashtiriladi:

 

 

– qog‘ozda yozilgan ko‘rinishda;

– taqdimot slaydida;

– doskaga yozilgan holatda.

 

 

Bundan tashqari, o‘qituvchi o’quvchilarni qanday guruhlarga ajratishni oldindan belgilaydi (tasodifiy, mavzu bo‘yicha, daraja asosida va boshqalar). Shuningdek, guruh a’zolarining hamkorlikdagi ishini yengillashtiradigan qo‘shimcha materiallar (topshiriq varaqalari, jadvallar, diagrammalar) ishlab chiqiladi.

 

Mashg‘ulot vaqtida

 

Dars boshida o’quvchilar guruhlarga ajratiladi. O‘qituvchi muhokama mavzusini e’lon qiladi va ishlash uchun aniq vaqt chegarasini belgilaydi.

 

 

Har bir guruh o‘z a’zolari bilan savolga javob izlab, erkin fikr almashadi. Ushbu bosqichda o‘qituvchi guruhlar faoliyatini kuzatib boradi va agar muhokama mavzudan chetlashayotgan bo‘lsa, uni o‘z vaqtida tuzatadi.

 

Mashg‘ulotdan so‘ng

 

Mashg‘ulot yakunida o‘qituvchi umumlashtirish ishlarini olib boradi. Guruhlar faoliyatining natijalari, umumiy yondashuvlar, original g‘oyalar tahlil qilinadi. Eng muhim xulosalar ajratib ko‘rsatiladi va metodik jihatdan eng samarali yechimlar ta’kidlanadi.

 

 

Guruhlarda muhokama metodi o‘quvchilarni qisqa vaqt ichida faol fikr almashish, muammoni tez tahlil qilish, muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirishga undaydi. U darsda faollikni oshirish, jamoadagi o‘rni va fikrining ahamiyatini anglash uchun samaralidir. Shu bois uni ijtimoiy fanlar, til va adabiyot, tarix, huquqshunoslik kabi yo‘nalishlarda faol qo‘llash mumkin.