Navoiyda 23 nafar bog‘cha bolasini mast holatda tashib ketayotgan Damas haydovchisi ushlandi

Navoiyda 23 nafar bog‘cha bolasini mast holatda tashib ketayotgan Damas haydovchisi ushlandi

Navoiy viloyatida Damas haydovchisi 23 nafar bog‘cha bolasini mast holatda tashib ketayotgani aniqlangan. Bu haqda viloyat IIB YHXB xabar bergan.

 

Voqea 15-sentabr kuni Navoiy viloyatining Navbahor tumanida sodir bo‘lgan. Nazorat tadbirlari davomida to‘xtatilgan Damas avtomashinasi salonida 23 nafar bola va haydovchidan tashqari, yana 2 nafar tarbiyachi ham borligi aniqlangan.

 

Fuqaro maxsus uskuna yordamida ko‘rikdan o‘tkazilgach, mast holatda ekanligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, uning haydovchilik guvohnomasi ham, avtomobilni boshqarish huquqi ham yo‘qligi aniqlandi. Tashib ketilayotgan bolalar orasida haydovchining o‘z farzandi ham bo‘lgan.

 

“15-sentabr kuni qaynonamga tegishli Damas avtomobilida harakatlanib kelayotgan vaqtimda Navbahor tuman hokimligi oldida YPX xodimlari to‘xtatdi. Mastlik holati aniqlandi. Hamda ichida 25 nafar voyaga yetmagan bog‘cha tarbiyalanuvchilari borligi aniqlandi. Bir kun oldin charchagan edim, shuning uchun pivo ichgan edim. Avtomashina ichida o‘zimning farzandim ham bor edi”, — dedi haydovchi.

 

Unga nisbatan tegishli tartibda chora ko‘rilgan holda transport vositasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.