Prezidentimiz bugun pedagoglar bilan uchrashuvda bu haqda eʼlon qildi. Fan oʻqituvchilari kabi boshlangʻich taʼlim oʻqituvchilari uchun ham milliy sertifikat berish tizimi joriy qilinadi. Sertifikat olganlarga har oyda 15 foiz ustama toʻlanadi.
Shuningdek, bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan bitirib, maktabga ishga kirganlarga avtomatik ravishda 2-malaka toifasi, magistrlarga esa 1-malaka toifasi berilishi belgilandi.
Bundan tashqari yana bir qator imtiyozlar sanab o’tildi. Jumaladan:
– yangi yildan boshlab kamida 15-yil stajga ega boʻlgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlangʻich badalining 25 foizi qoplab beriladi;
– kelgusi oʻquv yilida davlat oliygohlariga oʻqishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30 foiz chegirma beriladi;
– oʻqituvchilar yangi taʼlim texnologiyalarini keng qoʻllashi uchun kompyuter xaridiga 10 million soʻmgacha imtiyozli kredit ajratiladi;
– kelasi yildan pedagoglar uchun davlat xizmatlari toʻlovi 2 karra kamaytiriladi;
– dunyodagi TOP-300 talik oliygohlarga oʻqishga kirgan pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli taʼlim krediti ajratiladi;
– reytingda 100 talikka kirgan maktab va bogʻcha, 20 talikdagi texnikum, TOP-10 ta oliygoh pedagoglariga yiliga bir marta Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilish uchun samolyot va poyezdlar chipta narxlariga 15-20 foiz chegirma beriladi.
