Endi nogironligi boʻlgan bolalar maktabga bepul va xavfsiz yetib olishlari mumkin

Endi nogironligi boʻlgan bolalar maktabga bepul va xavfsiz yetib olishlari mumkin

2025-yil bahorida Toshkent, Samarqand va Andijonda sinov tariqasida ishga tushirilgan ijtimoiy taksi xizmati endilikda yana 11 ta shahar – Buxoro, Qarshi, Farg‘ona, Urganch, Qo‘qon, Jizzax, Namangan, Navoiy, Nukus, Guliston va Xivada ham faoliyat boshladi.

 

Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Mahalliy ijtimoiy himoya agentligi tomonidan Yandex Uzbekistan hamkorligida amalga oshirilmoqda.

 

Xizmat nogironligi bo‘lgan maktab yoshidagi bolalarga maktabga borish va uyga qaytishda bepul taksidan foydalanish imkoniyatini beradi. Transport xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi – har bir bola uchun oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 1,2 baravari (494 400 so‘m) ajratiladi. Shartlarga ko‘ra, safar qiymatining 60 yoki 100 foizi davlat hisobidan to‘lanadi.

 

Agentlik vakillarining qayd etishicha, tashabbusning asosiy maqsadi – nogiron o‘quvchilarning xavfsiz va qulay ta’limga yetib borishini ta’minlash hamda ularning oilalariga qo‘shimcha yordam ko‘rsatishdir.

 

Buyurtmalarni Yandex Go ilovasi orqali amalga oshirish mumkin. Maxsus qulaylik sifatida “Nogironlik aravachasida bo‘laman” yoki “Yordam kerak” kabi funksiyalar qo‘shilgan bo‘lib, haydovchilar safarga oldindan tayyorgarlik ko‘rishi mumkin.

 

Yandex Go bunday buyurtmalardan komissiya olmaydi, davlat ajratgan mablag‘ to‘liq haydovchilarga yetkaziladi.