Hozir o‘tkazilayotgan Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi videoselektor yigʻilishida joriy yilda bogʻcha oʻrinlarini qoʻshimcha 182 mingtaga koʻpaytirish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Ularning 82 mingi yangi bogʻchalar hissasiga toʻgʻri keladi.
Tumanlar hokimlari qolgan oʻrinlar nima hisobidan yaratilishini oʻylamayotgani tanqid qilindi. Misol uchun, 118 ta bogʻchadagi 255 ta xona taʼmirga muhtoj boʻlgani uchun boʻsh turibdi. Yoki joylarda 8 ta bogʻchani qurish va taʼmirlash 2-3-yildan beri choʻzilmoqda.
Chimboy, Gʻallaorol, Qiziriq, Boysundagi 1 tadan bogʻcha hali taʼmirdan chiqmagan. Dehqonobod, Sariosiyo, Boʻstonliq, Nurafshonda 1 tadan yangi bogʻcha qurilishi yakunlanmagan.
Viloyat va tumanlar hokimlariga 118 ta bogʻchadagi xonalarni taʼmirlab jihozlashga, yana 8 ta bogʻchani toʻliq ishga tushirishga 1-noyabrgacha muhlat berildi, aks holda tegishli choralar koʻrilishi haqida ogohlantirildi.
