Sifatli ta’lim-tarbiya va aholi salomatligi kelgusi taraqqiyotni belgilaydigan eng muhim masala – Prezident

Sifatli ta’lim-tarbiya va aholi salomatligi kelgusi taraqqiyotni belgilaydigan eng muhim masala – Prezident

Ayni paytda “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida mamlakatimiz davlat mustaqilligining 34-yilligiga bagʻishlangan bayram tadbiri boʻlib oʻtmoqda.

 

Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzlamoqda.

 

Sifatli taʼlim-tarbiya, aholi salomatligi kelgusi taraqqiyotimizni hal qiladigan eng muhim masala ekani taʼkidlandi.

 

Soʻnggi sakkiz yilda xususiy sektor bilan birga bogʻchalardagi oʻrinlar ikki yarim millionga, qamrov 78 foizga yetkazildi. Yangi maktablar qurilgani, borlari kengaytirilgani hisobiga qoʻshimcha 1 millionta oʻquvchi oʻrni yaratildi.

 

Zamonaviy darsliklar, ilgʻor pedagogik texnologiyalar asosida maktab taʼlimiga yangi mazmun, yangi sifat kirib kelmoqda.

 

Shu davrda oliy taʼlimda ham keskin burilish yasalib, qamrov 9 foizdan 42 foizga yetkazildi. Ayniqsa, talabalarning 53 foizini xotin-qizlarimiz tashkil etayotgani alohida eʼtiborga sazovor.

 

Hozirgi vaqtda dunyodagi top oliygohlarda 2 mingdan ziyod talabalarimiz tahsil olmoqda. Ulardan 750 nafari “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali davlat hisobidan oʻqimoqda.

 

“Oʻtgan yili yurtimiz yoshlari TOP-500 talik oliygohlarga kirish boʻyicha Markaziy Osiyoda birinchi oʻrinni egallagani barchamizni albatta quvontiradi. Ayniqsa, farzandlari dunyodagi eng nufuzli universitetlarda taʼlim olayotgan ota-onalarning xursandchiligini soʻz bilan ifoda qilib boʻlmaydi”, – dedi Prezident.