Muhokamalar portaliga ‘‘Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi Xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internat faoliyatiga oʻquvchilarni saralab olish va qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida’’ gi qaror loyihasi joylashtirildi.
Unga ko’ra, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi Xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga oʻquvchilarni saralab olish va qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq:
– Xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatga tayyorlov guruhlariga va 1-11-sinflarga iqtidorli oʻquvchilarni qabul qilish;
– kirish imtihonlarida talabgorlarga beriladigan savollar taqsimotini belgilash;
– maktabda boʻsh oʻquvchi oʻrinlarini toʻldirish belgilangan.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi:
– 2026/2027-oʻquv yilidan boshlab Xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatga qabul jarayonlarini amalga oshirishi;
– boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirishi ko’rsatilgan.
Shuningdek, mazkur nizom Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) tizimidagi Xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga (keyingi oʻrinlarda – ixtisoslashtirilgan maktab) maktabga tayyorlov guruhi va 1-11-sinflarga oʻquvchilar va bolalarni (keyingi oʻrinlarda – oʻquvchilar) saralab olish va qabul qilish tartibini belgilaydi.
Qabul komissiyasi tarkibi 7 kishidan kam boʻlmagan toq miqdorda komissiya raisi, komissiya raisi oʻrinbosari, komissiya kotibi hamda uning aʼzolaridan iborat tarkibda tuziladi.
Kirish imtihonlari materiallari malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda Agentlik tomonidan tayyorlanadi.
Kirish imtihoni har yili qabul komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlarda oʻtkaziladi.
Maktabga tayyorlov guruhi hamda 1-sinflar uchun kirish imtihonlari ikki bosqichda quyidagicha oʻtkaziladi:
birinchi bosqich – mantiqiy fikrlash boʻyicha maktabga tayyorlov guruhi uchun 10 ta, 1-sinf uchun 20 ta test shaklida oʻtkaziladi.
Birinchi bosqich imtihoni natijalari Agentlikning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Birinchi bosqich natijasiga koʻra, qabul kvotasida belgilangan har bir oʻringa 5 nafar hisobidan maksimal ball toʻplagan oʻquvchilarga ikkinchi bosqichda ishtirok etishga ruxsat etiladi.
Birinchi bosqich natijasiga koʻra teng natijalar yuzaga kelgan hollarda, yaʼni bir nechta oʻquvchilar bir xil umumiy ball toʻplagan taqdirda, ular tugʻilgan sanasi boʻyicha saralanadi, bunda yoshroq oʻquvchilarga ustunlik beriladi.
Agarda bu holatda ham tenglik saqlanib qolsa, qabul komissiyasi tomonidan oʻquvchilarga qoʻshimcha topshiriqlar beriladi.
Ikkinchi bosqich – psixologik va intellektual qobiliyat darajasini aniqlash boʻyicha turli darajadagi suhbatlar shaklida oʻtkaziladi.
Kirish imtihonlari:
a) 2-4-sinflar uchun bir bosqichda quyidagi fanlardan oʻtkaziladi:
2-sinf uchun matematika fanidan 15 ta, ingliz tili fanidan 10 ta test savollari shaklida;
3-sinf uchun matematika fanidan 20 ta, ingliz tili fanidan 10 ta test savollari shaklida;
4-sinf uchun matematika fanidan 20 ta, ingliz tili fanidan 15 ta test savollari shaklida;
b) 5-11-sinflar uchun bir bosqichda matematika fanidan 20 ta, ingliz tili fanidan 25 ta test savollari shaklida oʻtkaziladi.
Ixtisoslashtirilgan maktabga oʻquvchilar yillik qabul kvotasi (ikkita sinfga bir xil 24 nafardan oʻquvchi taqsimlangan, 48 nafar oʻquvchidan iborat) doirasida qabul qilinadi.
