Hukumatning 2025-yil 20-avgust kuni 524-son “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan sport maktablari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.
Unga ko’ra, ixtisoslashtirilgan sport maktablarining 9-sinf bitiruvchilariga davlat namunasidagi shahodatnoma, 11-sinf bitiruvchilariga tegishli sport turlari bo’yicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari uchun tasdiqlangan shaklda diplom hamda trenerlik faoliyati bilan shug’ullanish uchun malaka sertifikati beriladi.
Sport mashg’ulotlarining davomiyligi va o’quvchi-sportchilarning sport yuklamasi tasdiqlangan o’quv rejaga muvofiq belgilanadi.
Sport mashg’ulotlarining o’quv dasturlari o’quv rejasiga muvofiq ishlab chiqiladi va uning tarkibiga o’quv-mashq mashg’uloti, nazariy tayyorgarlik, umumiy jismoniy tayyorgarlik, maxsus jismoniy tayyorgarlik, texnik-taktik tayyorgarlik, psixologik tayyorgarlik, ko’chirish (o’tkazish) nazorat sinovlari, nazorat musobaqalarida ishtiroki, yo’riqchilik va hakamlik amaliyoti, musobaqalarda ishtirok etish, tiklanish tadbirlari hamda tibbiy nazorat kabi shakllarni o’z ichiga oladi.
O’quvchi-sportchilarga tibbiy xizmat sport maktablarining tibbiyot xodimlari tomonidan ko’rsatiladi.
O’quvchi-sportchilar O’zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan tartibga muvofiq har yili ikki marotaba (sentyabr-aprel) chuqurlashtirilgan tibbiy ko’rikdan o’tkaziladi.
