Ayrim talabalar soxta hujjatlar bilan OTMga qabul qilingani haqidagi xabarlarga Vazirlik munosabat bildirdi

Ayrim talabalar soxta hujjatlar bilan OTMga qabul qilingani haqidagi xabarlarga Vazirlik munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim talabalarning soxta hujjatlar asosida oliy ta’lim tashkilotlariga qabul qilingani haqidagi xabarlar muhokamalarga sabab bo‘layotgan edi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bu borada rasmiy munosabatini bildirdi.

 

 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mazkur masala yuzasidan tekshiruv olib borayotganini ma’lum qildi.

 

‘‘Ta’kidlash joizki, HEMIS tizimi orqali har bir talabaning qabul qilinishi, o‘qiyotgan yo‘nalishi va kursi aniq qayd etiladi. Xorijdan o‘qishini ko‘chirishda esa faqat rasmiy hujjatlar asosida, o‘quv rejalari solishtirilib, rektor buyrug‘i bilan qabul amalga oshiriladi. Bu jarayon elektron tizimda to‘liq va shaffof yuritiladi, asossiz ma’lumotlar kiritilmaydi.

 

Agar qonunbuzarlik holatlari aniqlansa, belgilangan tartibda huquqiy baho berilib, jamoatchilikka rasmiy axborot taqdim etiladi’’, — deyiladi xabarda.

 

Avvalroq, nodavlat oliy ta’lim muassasalari telegram kanalida huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning xususiy oliy ta’lim muassasalari haqidagi postiga fikrlar bildirilgani haqida yozgan edik.

 

 

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda konsalting kompaniyalari Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Rossiyadagi oliygohlarda oʻqiydi, degan soxta hujjatlar asosida Oʻzbekistondagi xususiy universitetlarning 2-, 3- yoki 4-kurslariga oʻqishga koʻchirib berayotgani haqida xabarlar bo’yicha ayrim xususiy universitetlar bilan suhbatlashilgani haqida material chiqarilgan edi.